JISMONIY TARBIYANING O'ZIGA XOS XUSUSIYATLARI (FARG'ONA
VILOYATI MISOLIDA)
N.Maqsumov
FarDU O'zbekiston tarixi kafedrasi o'qituvchisi
Annotatsiya: Mazkur maqolada jismoniy tarbiya va sportning ahamiyati, o'ziga xos jihatlari yoritilgan. Shuningdek, maqolada Farg'ona viloyati misolida mavjud manbalardan tizimli ravishda foydalanilgan.
Kalit so'zlar: jismoniy tarbiya, sport, sport inshootlari, yosh avlod, tarbiya, bilim, ko'nikma va malaka.
Jismoniy tarbiyaning asosiy tushunchalari Jismoniy tarbiya pedagogik jarayon bo'lib, yosh avlodning sog'ligi, jismonan yetukligi, ijtimoiy faolligi, axloqan sog'lom o'suvchi avlodni shakllantirishni takomillashtirishga yo'naltirilgan bir tarbiyaviy vositadir. Jismoniy tarbiya jarayonida organizm funksional va morfologik takomillashtiriladi, harakat ko'nikmalari, jismoniy harakat sifatlari: chaqqonlik, tezkorlik, chaqqonlik, egiluvchanlik, chiddamkorlik maxsus bilim va ko'nikma bilan shakllanadi. Jismoniy madaniyat - yangi jamiyat quruvchilari, yetuk shaxslarni har tomonlama tarbiyalashda jismoniy tarbiya vositalari bilan birga sport va madaniyatning maxsus vosita va uslublarini aniq maqsadga yo'naltirish orqali insonni jismoniy takomillashtirishni o'z, ichiga oladigan maxsus tadbirlar majmuasidir.
Jismoniy madaniyat - umumiy madaniyatning bir qismi bo'lib, uning rivoji jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti darajasiga bog'liqdir. Jismoniy taraqqiyot inson organizmining o'sishi bilan, uning shaklan o'zgarishi va davomiyligi bilan bog'liq bo'lgan tabiiy jarayondir. Jismoniy taraqqiyot obyektiv biologik qonuniyatlarga bo'ysunadi. Bu qonunlardan asosiysi organizm va muhit taraqqiyotining birlik qonunidir. Sport - madaniyatning bir shakli, jamiyat madaniy faoliyatining bir turi. Sport jismoniy taraqqiyot va inson qobiliyati bilan bog'liq boshqa xususiyatlarni ham amalga oshiradi.
Jismoniy tarbiya va sportni har tomonlama rivojlantirish bir muncha murakkab va qiyin, ko'p qirrali vazifa bo'lib, jamiyat taraqqiyotida o'ziga xos o'rin egallaydi. Jismoniy tarbiya axloqiy tarbiya bilan uzviy bog'liqdir. Sport musobaqalari, bellashuvlar paytida sportchida halollik. ulug'vorlik, raqibiga nisbatan hurmat va boshqa axloqiy fazilatlar tarbiyalanib boradi. Jismoniy tarbiya va sport mashg'ulotlari bilan muntazam shug'ullanish aqliy rivojlanishga kuchli ijobiy ta'sir ko'rsatadi. Jismoniy mashqlar va sport mashg'ulotlari bilan aqliy mehnat aloqalari bir-biriga bevosita bog'liqdir.
Ko'pgina tadqiqotlar shuni ko'rsatadiki, jismoniy mashqlar va sport bilan shug'ullanish ma'lum miqdorda hissiyot organlari ko'nikmalarini takomillashtirishda, ayniqsa, mushaklar harakati. ko'rish, sezish, idrok qilishga yaxshi zamin yaratadi.
Mehnat tarbiyasi mehnat ko'nikmalarini egallash orqali, ya'ni mashg'ulotlarda o'z-o'ziga xizmat qilish, mashg'ulotlar o'tkazish uchun gigiyena sharoitlarini yaratish, sport anjomlari va uskunalarini jihozlash, tozalash va joylashtirishda ishtirok etish, sport maydonchalarini obodonlashtirish singari umumiy foydali mehnat jarayonida ta'minlanadi. o'quv mashg'ulotlari va o'quv mashqlari jarayonida jismoniy tarbiya yoki sport bilan shug'ullanuvchilar jismoniy mashqlarni bir necha marotaba takrorlasa yoki uning alohida qismlarini yod olsa, o'zini mehnatsevar qilib tarbiyalaydi.
Jismoniy tarbiyaning har qanday maxsus vazifalarini hal etishda albatta sog'lomlashtirish afzalligiga e'tibor berish kerak. Jismoniy tarbiya vositalarini tanlash, jismoniy chiniqish tadbirlari sog'lomlashtirishga qaratilgan jarayon bilan birga qo'shib olib boriladi. Shuning uchun jismoniy tarbiya va sport mashg'ulotlari bilan shug'ullanishning asosiy shartlaridan biri shug'ullanuvchi sog'ligini jiddiy nazorat qilishdir. Bu ish o'qituvchi-shifokorlar tomonidan olib boriladi.
Jismoniy tarbiya va sport - xalqlar o'rtasida hamkorlik, tinchlik va do'stlikni mustahkamlaydigan vositadir. Farg'ona viloyatida jismoniy madaniyat va sportning milliy turlarini rivojlantirishda, mashg'ulotlarni o'z ona tilida o'tkazishda, milliy kadrlarni ko'plab tayyorlashda sportning milliy turlari hal qiluvchi omil hisoblanadi. Kelajak avlodni obyektiv qonuniyatlar asosida jismoniy madaniyat usullari orqali
baynalminal ruhda tarbiyalash - sportning milliy turlarini rivojlantirish yordamida amalga oshiriladi. Xalqaro sport aloqalari, boshqa millat vakillariga nisbatan hurmat, ularning urf-odatlari bilan yaqindan tanishish, xalqlar o'rtasida do'stlik va hamkorlik his-tuyg'ularini tarbiyalaydi.
Xususan, Farg'ona viloyatidan ko'plab yetakchi sportchilar yetishib chiqqan. Viloyatda bundan keyin ham kuchli sportchilar tayyorlash uchun yetarli salohiyat va mutaxassislar borligi ko'rinib turibdi. Zamonaviy inshootlarda bolalar sportning ko'plab turlari bilan shug'ullanmoqda. Ularning salomatligi esa murabbiylar va shifokorlar nazoratida. Farg'ona, Marg'ilon va Qo'qon shaharlarida joylashgan bolalar va o'smirlar sport maktablarida suzishdan tortib erkin kurashgacha mashg'ulotlar o'tilmoqda. Shuningdek Farg'ona shahrida tashkil etilgan ommaviy yurish va badantarbiya mashg'ulotlarida ishtirok etilmoqda.
Xulosa o'rnida shuni ta'kidlash lozimki, Sport vazirligi tashabbusi bilan Farg'ona viloyatida press-tur, sport musobaqalari, turli uchrashuvlar tashkil etilmoqda. OAV vakillari viloyatga tashrif buyurib, sport muassasalari faoliyati bilan tanishib chiqishmoqda.
Adabiyotlar:
1. Н.Р.Собирова. Психология здаровья. Понятия и теория. Психология XXI столетия, 18-20 марта 2020 г.
2. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24-yanvardagi "Jismoniy tarbiya va sportni takomillashtirish va ommalashtirish chora -tadbirlari to'g'risidagi 5924-sonli farmoni.
3. Jismoniy tarbiya va sport pedagogikasi fanidan o'quv-uslubiy majmua. A.Gofurov F.Boqiyev - Farg'ona, 2022
4. Abdullayev A. Jismoniy madaniyat nazaryasi va metodikasi. Bakalavr talabalar uchun darslik. - T. 2018. 410.b.