Научная статья на тему 'IX-XI ASRLARDA MUSULMON SHARQIDA MADANIY – MA’NAVIY TARAQQIYOT'

IX-XI ASRLARDA MUSULMON SHARQIDA MADANIY – MA’NAVIY TARAQQIYOT Текст научной статьи по специальности «Философия, этика, религиоведение»

CC BY
629
54
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Xorun ar-Rashid / “Baytul hikmat” / Somoniylar davlati / Qoraxoniylar davlati / al-Beruniy / Ibn Sino / Abu Nasr Forobiy / Mahmud Qoshg’ariy / Imom al-Buxoriy / Abu Iso Muhammad at-Termiziy / Harun al-Rashid / "Baytul Hikmat" / the Samanid state / the Karakhanid state / al-Biruni / Ibn Sina / Abu Nasr Farabi / Mahmud Kashghari / Imam al-Bukhari / Abu Isa Muhammad at-Tirmidhi

Аннотация научной статьи по философии, этике, религиоведению, автор научной работы — Sulaymonova, Shahnoza Nodirovna

Ushbu maqola IX-XI asrlarda musulmon sharqida madaniy – ma’naviy taraqqiyot, ilm-fanning rivoji va tarixiy voqealar sharhiga bag’ishlanadi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

CULTURAL SPIRITUAL DEVELOPMENT IN THE MUSLIM EAST IN THE IX-XI CENTURIES

This article is devoted to the review of cultural and spiritual development, development of science and historical events in the Muslim East in the 9th-11th centuries.

Текст научной работы на тему «IX-XI ASRLARDA MUSULMON SHARQIDA MADANIY – MA’NAVIY TARAQQIYOT»

Oriental Renaissance: Innovative, (E)ISSN:2181-1784

educational, natural and social sciences www.oriens.uz

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7 3(6), June, 2023

IX-XI ASRLARDA MUSULMON SHARQIDA MADANIY -MA'NAVIY TARAQQIYOT

Sulaymonova Shahnoza Nodirovna

TDShUdoktoranti shahnozanodirovna@gmail.com

ANNOTATSIYA

Ushbu maqola IX-XI asrlarda musulmon sharqida madaniy — ma'naviy taraqqiyot, ilm-fanning rivoji va tarixiy voqealar sharhiga bag'ishlanadi.

Kalit so'zlar: Xorun ar-Rashid, "Baytul hikmat", Somoniylar davlati, Qoraxoniylar davlati, al-Beruniy, Ibn Sino, Abu Nasr Forobiy, Mahmud Qoshg'ariy, Imom al-Buxoriy, Abu Iso Muhammad at-Termiziy.

CULTURAL - SPIRITUAL DEVELOPMENT IN THE MUSLIM EAST IN THE IX-XI CENTURIES

Sulaymonova Shakhnoza Nodirovna

Doctoral student of TSUOS shahnozanodirovna@gmail.com

ABSTRACT

This article is devoted to the review of cultural and spiritual development, development of science and historical events in the Muslim East in the 9th-11th centuries.

Keywords: Harun al-Rashid, "Baytul Hikmat", the Samanid state, the Karakhanid state, al-Biruni, Ibn Sina, Abu Nasr Farabi, Mahmud Kashghari, Imam al-Bukhari, Abu Isa Muhammad at-Tirmidhi.

КУЛЬТУРНО-ДУХОВНОЕ РАЗВИТИЕ НА МУСУЛЬМАНСКОМ ВОСТОКЕ В IX-XI ВВ.

Сулайманова Шахноза Нодировна

докторант ТДГУ shahnozanodirovna@gmail.com

АННОТАЦИЯ

Данная статья посвящена обзору культурно-духовного развития, развития науки и исторических событий на мусульманском Востоке в 1Х-Х1 вв.

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

Ключевые слова: Харун ар-Рашид, «Бейтул Хикмат», государство Саманидов, государство Караханидов, алъ-Бируни, Ибн Сина, Абу Наср Фараби, Махмуд Кашгари, Имам алъ-Бухари, Абу Иса Мухаммад ат-Тирмизи.

Arablarning O'rta Osiyo hududlaridagi deyarli bir yarim asrlik hukmronlik davri bu hududning erksevar xalqlarining o'z eli, Vatanining mustaqilligi yo'lidagi jo'shqin kurashini, intilishini so'ndira olmadi. Darhaqiqat, IX asr boshlariga kelib Arab xalifaligida yuzaga kelgan bo'hronli vaziyat, siyosiy tanglik, Xuroson va Movarounnahrda kechayotgan ziddiyatli jarayonlar, eng muhimi, bu hududda yuz bergan Rofe ibn Lays qo'zg'oloni (806-810) mazkur o'lka xalqlari uchun xalifalik tobeligidan qutilish, yurt mustaqilligini qo'lga kiritish yo'lida qulay imkoniyatlarni vujudga keltirgandi. Xususan, mashhur xalifa Xorun ar-Rashid (786-809) vafotidan so'ng xalifalik taxtini egallash uchun uning o'g'illari - Amin va Ma'mun o'rtasida qizg'in kurash boshlangan edi. Bir necha yilga cho'zilgan bu siyosiy mojaro nafaqat xalifalik markazini tang ahvolga solib qolmasdan, balki unga tobe bo'lgan hududlardagi voqealar rivojiga ham sezilarli ta'sir ko'rsatdi.

ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODLAR

Tadqiqot olib borish davomida tizimlilik, nazariy-deduktiv xulosa chiqarish, analiz va sintez, tarixiylik va mantiqiylik tamoyillardan foydalanildi.

MUHOKAMA VA NATIJALAR

Ma'mun katta qo'shin tuzib, unga Xurosonlik Tohir ibn Husaynni boshliq etib tayinladi. Rey yaqinidagi jangda Tohir ibn Husayn al-Amin qo'shinini yengadi va Bag'dodga yurish boshlaydi. Tohir 813-yilda yana g'olib kelib Bag'dodni ham qo'lga kiritadi. Ma'mun halifalik taxtiga ko'tariladi. Lekin u 819-yilga qadar Bag'dodga bormay Marvdan turib hokimiyatni boshqaradi. Uning buyrug'i bilan Tohir ibn Husayn Iroq hokimiyati va Bag'dod harbiy garnizoni boshlig'i bo'ladi (819-yilga qadar).

Ma'mun Marvda ham olimlar guruhini o'z atrofiga to'plagan edi. U 819-yilda Bag'dodga borar ekan, u erda "Baytul hikmat" (fanlar akademiyasi)ga asos soladi. Demak, bu fan maskanining negizini avvalo, Turkistonlik olimlar tashkil etganlar.

Ma'mun halifalik oldidagi katta xizmatlari evaziga Tohir ibn Husaynni 821-yilda Xurosonga noib etib tayinlaydi. Shu tariqa, Tohiriylar davlati vujudga kelib 873-yilga qadar davom etadi. Uning poytaxti avval Marv, keyinroq Nishopur bo'ladi. Dastlab Movarounnahrning ko'pgina viloyatlari ham uning tasarrufida bo'lgan. Buning boisi shuki, ikkala o'lkaning noiblik markazi Xurosonning Nishopur shahri bo'lgan.

KIRISH

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

Tohir ibn Husayn boshqaruv jilovini qo'lga kiritgach, undan yurt mustaqilligini, uning ravnaqi va qudratini oshirish yo'lida foydalanishga qat'iyan yo'l t utadi. Tohir ibn Husayn o'z davlatining mustaqilligini tiklash maqsadida 822-yilda xalifa nomini xutba namozidan chiqarib tashlashga amr qiladi. Biroq tez orada uning sirli o'limi bu borada katta ishlar qilinishiga imkon bermaydi. Uning vorislari Talha (822-828), Abul Abbos Abdulloh (830-844), Tohir ibn Abdulloh (844-862), Muhammad ibn Tohir (862-873) davrlarida Tohiriylar davlatining mustaqilligi xiyla ta'minlandi.

Tohiriylar ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotni, mulkiy munosabatlarni rivojlantirish, qishloq xo'jaligini tartibga keltirish, suv resurslaridan foydalanishni yaxshilash, suv inshootlari barpo etish, shuningdek, fuqarolardan olinadigan soliqlarni mo'tadillashtirishga ahamiyat beradilar. Poytaxt Marvdan Nishopurga ko'chiriladi. Jumladan, Abdulloh ibn Tohirning chiqargan bir farmonida "dehqonlarni ranjitmaslik", buningsiz xazinaga etarli miqdorda soliq tushmasligi alohida uqtirilgandi. Biroq shunga qaramay, Tohiriy hukmdorlar amalda dehqonlarni emas, balki ko'proq yirik mulkdorlar, savdogarlarning manfatlarini himoya qilardilar. Shu bois Tohiriylar davrida oddiy aholi, ayniqsa dehqonlar og'ir asoratda yashash, haddan ziyod soliq-o'lponlar to'lashga majbur etilgandi. Birgina 844-yilda ulardan olingan soliq miqdori 48 mln. dirxamni tashkil etgan. Bu o'sha davr sharoiti uchun mislsiz ko'p edi. Shuning uchun ham mamlakatning Seyiston va boshqa viloyatlarida dehqon g'alayonlari yuzaga kelib, kuchayib borgan. Xurosonning sharqiy hududlarida yuzaga kelgan G'oziylar harakati va dehqonchilik vohalaridagi g'alayonlar qo'shilib, keng miqyoslar kasb etib bordi. Bu harakatlarning etakchilariga aylangan, asli kelib chiqishlari hunarmand-miskar bo'lgan aka-uka Yoqub va Amir ibn Layslar 873-yilda Nishopurni egallab, Tohiriylar sulolasini ag'darib tashlashga muvaffaq bo'ladilar. Buning natijasida Yoqub ibn Lays asos solgan Safforiylar (miskarlar) sulolasi hokimiyatga keladi. Biroq yangi hukmdor Yoqub ibn Lays shaxsiy hayotda qanchalik oddiy turmush tarziga amal qilib yashamasin, o'z armiyasining jangovarligini kuchaytirish, askarlarni maosh bilan ta'minlashga urinmasin, mehnatkash xalqning og'ir soliqlar to'lashi, boshqa to'lovlar va majburiyatlarni o'tashi avvalgidek o'zgarmay qola berdi. Bu hol oxir-oqibatda safforiylar sulolasi hukmronligining ijtimoiy- iqtisodiy ildizlarini qaqshatib, uni halokatga mahkum etmay qolmadi.

Movarounnahrda Somoniylar davlatining yuzaga kelishi jarayoni ham IX asr boshlariga to'g'ri keladi. Bunda ham xalifa Ma'mun o'ziga sodiq xizmat qilgan balxlik mahalliy hukmdorlardan Somonxudot avlodlari (uning nabiralari)ga Movarounnahr hududlarini boshqarish huquqini topshiradi. Chunonchi, Nuh Samarqandga, Ahmad Farg'onaga, Yah'yo Shosh va Ustrushonaga, hokimlik qiladilar. IX asr o'rtalariga kelib Ahmad va uning katta o'g'li Nasr Somoniylar Movarounnahrning ko'pchilik

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

hududlarini birlashtirishga muvaffaq bo'ldilar. Nasr Somoniy (856-888) davrida Movarounnahr mavqei yanada kuchayib bordi. Samarqand davlat poytaxti edi. Xurosonda Tohiriylar sulolasi ag'darilgach (873y), uning tarkibiga kirgan Buxoro yerlari ham Somoniylar tasarrufiga olinadi. Nasr ukasi Ismoilni Buxoroga noib etib tayinlaydi (874y) va Somoniylar hukmronligi endilikda deyarli Movarounnahrning barcha hududlariga yoyiladi. Ammo ko'p o'tmay Ismoil o'z hokimiyatini kuchaytira borgach, o'zining vassallik mavqeini tan olmay, Nasr hokimiyati xazinasiga to'laydigan yillik daromad miqdorini keskin kamaytiradi. Buning natijasida aka-ukalar o'rtasida uzoq muddatli o'zaro kurash boshlanadi. Oqibatda 888-yilda ular o'rtasida katta urush kelib chiqib, unda Ismoil g'olib bo'ladi va hokimiyatni o'z qo'liga oladi. Akasi Nasr vafotidan so'ng (892y) Ismoil Somoniy Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylanadi. Shu tariqa, davlat mustaqilligi qayta tiklanadi va yuksalib boradi. Buxoro - davlat poytaxti bo'lib qoladi.

Ismoilning 893-yilda sharqdagi dashtlik qabilalarga qarshi qilgan muvaffaqiyatli yurishi, Tarozni egallab, katta o'lja va asirlar bilan qaytishi ham Somoniylar qudrati yuksakligidan yaqqol dalolat beradi. Ismoil Somoniy davlati qudratining o'sib borishidan cho'chigan, uni zaiflashtirishni va o'z ta'sirini qayta tiklashni ko'zlagan Bag'dod xalifasi Mu'tazid (892-902) Xurosondagi Safforiylar hukmdori Amr ibn Laysga (879-900) Xuroson bilan birga Movarounnahar ustidan hukm yuritish huquqi berilgani haqida farmon chiqaradi va uni Ismoilga qarshi gij-gijlaydi. Bu esa 900-yilda ikkala davlat o'rtasida kata urushga sabab bo'ladi. Urush natijasi esa Somoniylar foydasiga hal bo'lib, buning oqibatida Xuroson erlari Somoniylar qo'l ostiga o'tadi. Shu tariqa xalq xalifalik istebdodidan xalos bo'ldi. Ismoil Somoniy bu hududda kechgan uzoq yillik milliy davlatchilik tajribasiga tayanib, markaziy davlat boshqaruvi tizimini va shunga muvofiq keladigan mahalliy idora organlarini vujudga keltiradi. Bu tizim Ahmad ibn ismoil (907-914), Nasr ibn Ahmad (914-943), Nuh ibn Nasr (943-954) davrida ham takomillashib boradi. Somoniylar davlati muayyan tarixiy bosqichlarda ijtimoiy-siyosiy va boshqa sohalarda qanchalik yuksalish, muhim o'zgarish jarayonlarini boshdan kechirmasin, biroq keyinchalik asta-sekin tushkunlik, parokandalik sari yuz tutib bordi. X asrning ikkinchi yarmidan boshlab, xususan keyingi Somoniy hukmdorlar: Abdumalik ibn Nuh (954-961), Mansur ibn Abdumalik (961-976), Nuh ibn Mansur (976-997), Mansur ibn Nuh (997-999), Abdumalik ibn Mansur (999-1000) davrida mamlakatda ham mahalliy feodal beklar, amaldorlar o'rtasida, ham hukmdor sulola vakillari o'rtasida o'zaro ichki nizolar, ziddiyatlar to'xtovsiz kuchayib bordi. Davlatning harbiy tayanchi hisoblangan turk askarlaridan iborat qo'shin safida ham birdamlik, hamjihatlik etishmasdi. Bu esa Somoniylar saltanatini jiddiy tanglikka duchor etishi tayin edi. Masalan, lashkarboshi Alptegin

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

Somoniylarni 60 yil himoya qilib kelgan. Uning itoatida 30 ming otliq qo'shin bo'lib, zarur bo'lganda 100 ming suvoriyni o'z qo'liga kirita olardi. Shu boisdan ham Somoniylar bilan Alptegin o'rtasidagi ixtilof va ishonchsizlik oxir-oqibatda Somoniylarning puturdan ketishiga olib keldi. Shuningdek, mahalliy hukmdorlarning o'zboshimchalik, boshboshdoqlik xatti-harakatlarining avj olishi, ularni jilovlashga markaziy hokimiyatning ojizligi davlatning yanada zaiflashuviga sabab bo'ldi. Xalq norozilik harakatlari shu qadar alangalanib bordiki, hatto amir Abdul Malik vafoti bahonasi bilan 961-yilda Buxoro harbiy askarlari tomonidan boshlangan g'alayon amir saroyini talash, uni yakson qilish bilan tugallandi. Bunday jiddiy nizolar, ziddiyatli jarayonlar oqibatda Somoniylar davlati zaiflashib, inqirozga yuz tutdi.

Ettisuv, Sharqiy Turkiston o'lkalarida IX asr ikkinchi yarmida turli turkiy qavmlar, elatlarning o'zaro birikuvi natijasida va qo'shiluvi davomida Qoraxoniylar davlati tashkil topdi. Mazkur davlatga asos solgan siymo Abdulkarim Sotuq Bug'roxon (859-955) yag'molar qavmiga mansub bo'lgan. Bu davlat hukmdorlari "arslonxon" yoki "qoraxon" unvonlari Qoraxon so'zining lug'aviy ma'nosi esa turkiy qabilalarda "ulug'", "buyuk" degan tushunchalarni anglatgan. Qoraxon "Tamg'achxon" ham deb yuritilgan. Bu davlatning qudrati yuksalib, u tez orada katta hududlarni o'z qo'l ostiga kirita boradi. Uning poytaxti Sharqiy Turkistonning Bolasog'un shahri bo'lgan. Abdulkarim Bug'roxon vafotidan keyin (955y) uning vorislari davrida Markaziy Tyan-Shan va Ettisuv o'lkalari egallanadi. Endilikda Qoraxoniylar Somoniylar hukmronlik qilayotgan Movarounnahr erlarini ham butunlay egallashga kirishadilar. Bu davrda Somoniylar davlati chuqur ichki ziddiyatlar, sinfiy ixtiloflar orqasida tanglik holatiga tushib qolgan edi. Bundan foydalangan Qoraxoniylar hukmdorlari - Hasan va Nasr Bug'roxonlar etakchiligidagi qo'shin Somoniylar qarshiligini qiyinchiliksiz engib, ikki bor (992 va 999-yillarda) Buxoroni egallaydi, somoniylar sulolasining so'nggi vakili Ismoil al-Muntasir (1000-1005y) hukmronligi barham topdi. Oqibatda butun Movarounnahr hududlari Qoraxoniylar tasarrufiga o'tadi. Shu tariqa, Qoraxoniylar hukmronligi katta hududlarga yoyiladi. Turonzamin ulus va elatlari istiqomat qilgan hududning arablar istilosi va asoratidan xalos etilishi, o'z mustaqillik maqomiga ega bo'lishi yurtimizning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga sezilarli ijobiy ta'sir etdi. Somoniylar, Qorahoniylar, G'aznaviylar, Saljuqiylar va Xorazmshohlar sulolalari hukmronlik qilgan IX-XII asrlarda Movarounnahr sarhadlarida yashagan ulus-elatlar o'rtasida nisbatan tinchlik, osoyishtalik, totuvlik, yaqinlik va hamjihatlik vujudga keldiki, buning orqasida o'lkada moddiy ishlab chiqarish, madaniy rivojlanish jarayoni ancha tezlashdi, shaharlar hayoti yuksaldi, savdo-sotiq, hunarmandchilik o'sdi, aholi farovonligi ko'tarila bordi.

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

IX-XII asrlarda Movarounnahrda moddiy madaniyat o'ziga xos uslub va shakllarda to'xtovsiz rivoj topib bordi. Xalq ichidan chiqqan mahalliy ustalar, me'morlar, naqqoshlar, kulollar, zargarlar, miskarlar tomonidan yurt dovrug'ini olamga tanitgan ajoyib me'morchilik obidalari, san'at namunalari bunyod etildi. Somoniylar, G'aznaviylar, Saljuqiylar, Xorazmshohlar sulolalariga mansub matrifatparvar hukmdorlarning ilm-fan va madaniyatga doimiy rag'bat berishlari orqasida ko'plab istetdod sohiblarining salohiyati, ijodi o'sib, yuksalib borgan. O'sha davr hukmdorlari tashabbusi bilan bunyod etilgan va faoliyat ko'rsatgan kutubxonalarda son-sanoqsiz noyob, qimmatbaho kitoblar, qo'lyozmalar to'planganki, bulardan hozirgi avlod kishilari ham bahramand bo'lmoqdalar. Ibn Sinodek buyuk zot ham birinchi bor tanishib hayratlangan Somoniylar saroyi qoshidagi boy kutubxona ham mana shunday ilm maskanlaridan biri bo'lgan.

O'rta Osiyo xalqlari ma'naviy madaniyatining o'sishida islom madaniyatining ahamiyati katta bo'ldi. Islom faqat dingina emas, balki yangi ma'naviy yo'nalish sifatida ham butun madaniy jarayonga, barcha musulmon mamlakatlari orasida ijtimoiy-madaniy va ma'rifiy aloqalarning kuchayishiga sezilarli ta'sir ko'rsatdi. Bu davrda ma'naviyatda hurfikrlilik, har qanday bilim, ilm-fanga hurmat, diniy oqimlar erkinligi ustivorlik qilgan. Diniy va dunyoviy ilmlar o'zaro uzviy bog'liq holda rivoj topib bordi. Qadimgi Yunon, Hind va boshqa yurtlar an'analaridan, bilim manbalaridan ham keng ijodiy foydalanildi.

X asrning ikkinchi yarmi va XI asr boshlarida Xorazmda vujudga kelib keng faoliyat ko'rsatgan mashhur Ma'mun akademiyasi ilm-fan ravnaqiga ijobiy ta'sir etdi. Muhammad al-Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Abu Nasr Mansur ibn Iroq singari ilm peshvolari ham dastlab shu fan maskanida ulg'ayib, kamolot bosqichiga ko'tarilganlar.

IX-XII asrlarda Movarounnahrda ilm-fan yuksaldi, hozirgi zamon fanining ko'plab tarmoqlari va yo'nalishlariga chinakam poydevor yaratildi. Xususan, matematika, algebra, astronomiya, tibbiyot, geologiya, geodeziya, jug'rofiya, falsafa singari dunyoviy fanlarning tamal toshi tom matnoda shu davrda qo'yildi.

Buyuk matematik, astronom va geograf olim Muhammad Muso al-Xorazmiy (783-850) nomi fan tarixida alohida o'rin tutadi. Olim o'zining "Hisob aljabr val Muqobala", "Hind arifmetikasi haqida kitob", "Quyosh soatlari haqida risola", "Astronomik jadvallar" singari asarlari bilan "Algebra" faniga asos soldi. Uning arifmetika risolasi hind raqamlariga asoslangan bo'lib, hozirgi paytda biz foydalanayotgan o'nlik hisoblash sistemasining Evropada tarqalishiga sabab bo'ldi. Allomaning "al-Xorazmiy" nomi "algoritm" shaklida fanda abadiy muhrlanib qoldi. Olimning "Kitob surat al-arz" nomli geografiyaga doir asari shu qadar fundamental

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

ahamiyatga egaki, u arab tilida ko'plab geografik asarlarning yaratilishiga zamin yaratdi. Uning Sharq geografiyasining otasi deb nomlanishi ham shundan. Xorazmiy yaratgan "Zij" Yevropada ham, Sharqda ham astronomiya fanining rivojlanishi yo'llarini belgilab berdi. Alloma qalamiga mansub "Kitob at-tarix" ("Tarix kitobi") asari Movarounnahr, Xuroson va Kichik Osiyo halqlarining VIII-IX asrlarga oid tarixini to'laqonli yoritishda muhim qo'llanmadir. Al-Xorazmiyning arab ilmiy dunyosining yirik markazi - Bag'doddagi Ma'mun akademiyasida ishlagan davrlari uning iste'dodining eng barq urgan paytlari bo'ldi. U shu akademiyaning rahbari sifatida ilm ahliga ibrat ko'rsatdi.

O'rta Osiyolik buyuk allomalar orasida Ahmad al-Farg'oniy (797-865) nomi alohida ko'zga tashlanib turadi. Olimning to'liq ismi Abul Abbos Ahmad ibn Muhammad ibn Kasir al-Farg'oniy bo'lib, aslida Farg'onaning Quva shahrida tavallud topgan. Ilm yo'lida zahmat chekib ko'p yurtlarni kezgan. Umrining ko'p qismini xorijiy yurtlarda, xalifalik markazlarida o'tkazgan. Uning butun ongli hayoti va faoliyati fan yo'liga bag'ishlangan. Ahmad al-Farg'oniy etuk astronom, matematik va geograf olim sifatida shuhrat topgan. Juda ko'plab fundamental asarlarning muallifi, Bag'doddagi Baytul Hikma (akademiya)ning nomdor namoyandalaridan biridir.

Al-Farg'oniy ilmiy salohiyatining mahsuli bo'lgan "Astronomiya asoslari haqida kitob", "Asturlob yasash haqida kitob", "Al-Farg'oniy jadvallari", "Oyning yer ostida va ustida bo'lish vaqtlarini aniqlash haqida risola", "Etti iqlimni hisoblash haqida", "Al-Xorazmiy "Zij"ining nazariy qarashlarini asoslash" nomli kitoblari haqli ravishda jahon fani xazinasining noyob durdonalari sanaladi. U G'arb olimlari orasida "Alfraganus" nomi bilan mashhur.

Jahon fani ravnaqiga benazir hissa qo'shgan Uyg'onish davri daholariorasida buyuk yurtdoshimiz Abu Nasr Forobiy (873-950) siymosi yorug' yulduzdek fan osmonida charaqlab turadi. O'rta asrlar davri sharoitida Vatanimiz sharafini o'zining beqiyos dunyoviy asarlarida ulug'lagan, astronomiya, fizika, matematika, geologiya, geodeziya, geografiya, mineralogiya, tarix singari fanlar yo'nalishida mislsiz kashfiyotlar qilgan qomusiy bilim sohiblaridan yana biri Abu Rayhon Beruniy(973-1048)dir. Asli Xorazm yurtidan bo'lgan allomaning butun hayoti to'laligicha ilm-fanga bag'ishlangan. Uning qalamiga mansub yuzlab noyob asarlar ichida bizning davrimizgacha saqlanib, o'z bebaho ahamiyatini yo'qotmay, bugungi avlod kishilari uchun o'rganish manbai bo'lib kelayotganlari ham talaygina. Bular jumlasiga "Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar", "Xorazmning mashhur kishilari", "Hindiston", "Ma'sud qonuni", "Mineralogiya", "Saydona", "Astrologiyaga kirish", "Astronomiya kaliti", "Jonni davolovchi quyosh kitobi", "Foydali savollar va to'g'ri javoblar", "Ibn Sino bilan yozishmalar" singari tarixiy kitoblarni kiritish mumkin.

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

Beruniy asarlari ko'p asrlardan buyon Sharqu G'arbda keng tarqalgan bo'lib, ular yuksak qadr topgan. Alloma merosi uning bugungi mustaqil yurtida, minnatdor avlodlari nigohida, doimiy e'tiborida, e'zozidadir.

Abu Rayhon Beruniyning zamondoshi va safdoshi Abu Ali ibn Sino (980-1037) ham o'z davrining yetuk allomasi, fan fidoyisi sifatida mashhurdir. Ibn Sino asarlari umumiy sonining 450 dan oshishi ham bunga guvohdir. Biroq bulardan 160 ga yaqini bizgacha etib kelgan, xolos. Alloma nomini dunyoga tanitgan narsa, bu uning tibbiyot sohasidagi mislsiz kashfiyotidir. Ibn Sinoning arabtilida yaratgan 5 jildli "Al-Qonun" ("Tib qonunlari") asari tibbiyotga oid benazir dasturulamaldir. 5 mustaqil kit obdan iborat bu majmuani ko'zdan kechirarkanmiz, allomaning yuksak tabiblik salohiyatiga, kasalliklarni aniqlash, ularni davolash borasidagi mahoratiga, bilimdonligiga tan beramiz. Jumladan, "Qonun"ning ikkinchi kitobida 800 ga yaqin dorilarning shifobaxsh xususiyatlari bayon etilganligi buning isbotidir. Abu Ali ibn Sino ilm-fanning boshqa sohalarida ham barakali ijod qilgan. Uning "Donishnoma", "Insof kitobi", "Najot kitobi", 10 jildli "Arab tili kitobi" yohud badiiy ijodga oid "Tayr qissasi", "Salomon va Ibsol", "Xayy ibn Yaqzon" asarlari buning yorqin ifodasidir. Tarix ilmida benazir bo'lgan Muhammad Narshahiy (899-959) o'zining "Buxoro tarixi" ("Tarixi Narshahiy") asari orqali o'z davrining katta, ko'lamli masalalarini o'rtaga qo'yib, ularni haqqoniy tarzda yoritib berdi. Kitobda arablarning O'rta Osiyoni zabt etib, kirib kelishi, mashhur Muqanna qo'zg'oloni, shuningdek Somoniylar davridagi davlat boshqaruvi tizimi, pul munosabatlari, soliq tizimi, Buxoro davlatining ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotiga oid ko'plab qiziqarli ma'lumotlar aks etgan. Ko'hna Xorazm farzandi Mahmud az-Zamahshariy (1075-1144) nomi ham fan osmonidagi yorqin yulduzlari safiga kiradi. Buyuk mutafakkir arab grammatikasi, lug'atshunoslik, adabiyot, aruz ilmi, jug'rofiya, tafsir, hadis va fiqh (qonunshunoslik)ka oid 50 dan ziyod noyob asarlarning muallifidir. Uning "Al-Mufassal", "Muqaddimat ul-adab", "Asos al-balog'a" ("Notiqlik asoslari"), "Xutbalar va va'zlar bayonida oltin shodalar", "Ezgular bahori va yaxshilar bayoni", |"Aruz da o'lchov (me'zon)", "Nihoyasiga yetgan masalalar", "Nozik iboralar", "Qur'on haqiqatlari va uni sharhlash orqali so'zlar ko'zlarini ochish" kabi asarlari butun Sharq va arab dunyosida e'tirof topgan. Shuningdek, Ismoil Jurjoniy, Mahmud Chag'miniy, Burhoniddin al-Marg'inoniy kabi allomalarimiz yaratgan boy ilmiy-ma'naviy meros ham Vatanimiz shuhratini olamga taratdi. Shunday qilib, O'rta Osiyo hududida yuz bergan Uyg'onish davrida ko'plab favqulodda iste'dod sohiblari etishib chiqdiki, ular jahon fanining turli yo'nalishlarida betakror kashfiyotlar, chinakam mo'jizalar yaratdilar. Bu bilan ular Vatanimiz shonu sharafini yuksaklarga ko'tardilar hamda kelgusi minnatdor avlodlar uchun bitmas-tuganmas boy meros qoldirdilar.

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

Badiiy adabiyot O'rta Osiyo Uyg'onish davri madaniyati xususida gap borar ekan, bunda uning muhim tarkibiy qismi, xalq dahosi mahsuli bo'lgan badiiy adabiyot va uning ajoyib namoyandalarining serqirra ijodi to'g'risida to'xtalib o'tmasdan bo'lmaydi.

IX-XII asrlar adabiy jarayonining rivojiga jiddiy hissa qo'shgan, badiiy so'z qadrini yuksakka ko'targan daho adiblar to'g'risida so'z yuritganda Ahmad Yugnakiy, Mahmud Qoshg'ariy, Yusuf xos Hojib, Ahmad Yassaviy, Abu Abdullo Rudakiy, Abulqosim Firdavsiy, Nosir Xusrav singari aziz siymolar nomlari ko'z o'ngimizda namoyon bo'ladi. Ularning har birining mangulikka muhrlangan hayotbaxsh ijodi necha asrlar osha hamon kishilar shuuri, qalbiga estetik huzur, quvonch bag'ishlab, ularni yuksak orzu, maqsadlar sari ilhomlantirib keladi.

Turkiy (eski o'zbek) adabiyotining asoschilaridan sanalgan Mahmud Qoshg'ariy (XI asr) ijodi O'rta Osiyo Uyg'onish davri madaniy taraqqiyotida muhim o'rin egallaydi. Uning merosi o'sha davr badiiy adabiyoti rivojida ham, turkiy xalqlarning etnik tarkibi, jug'rofiy joylashishi, rango-rang urf-odatlari, udumlari, o'ziga xos an'analari va boshqa ko'plab hayotiy jihatlarini o'rganish, ilmiy tadqiq etishda ham birdek ahamiyat kasb etadi. Allomadan bizga qadar etib kelgan yagona "Devonu lug'atit turk" ("Turk tilining lug'ati") asarining boy mazmuni bilan tanishish kishini yuqoridagi xulosaga olib keladi. Darhaqiqat, turkiy xalqlar, elatlar yashaydigan keng hududlarni kezib, ishonchli manbalar asosida o'sha xalqlar to'g'risida noyob qomusiy ma'lumotlarni o'z asari orqali keyingi avlodlarga armug'on etgan Mahmud Qoshg'ariy nomi mangu barhayotdir.

Mahmud Qoshg'ariyga zamondosh Yusuf xos Hojib (XI asr) ijodi ham o'ziga xos badiiy sayqali, yuksak mahorati bilan ajralib turadi. Adib nomini yurtlararo, xalqlararo mashhur qilgan narsa, bu uning "Qutadg'u bilig" ("Baxt va saodat eltuvchi bilim") asaridir. Ushbu kitob turkiy xalqlar, elatlar hayoti haqida yozilgan asar bo'lib, unda davrning juda ko'p o'ta muhim muammolari, axloq, odob va ma'rifat masalalari katta mahorat bilan yoritilgan. Bu kitobni chinliklar "Adabul muluk", mochinlar -"Oyinul mamlakat", Sharq eli ulug'lari "Ziynatul umaro", eronliklar "Shohnomai turkiy", turonliklar - "Qutadg'u bilig", boshqalar "Pandnomai muluk" deb ataganlar.

Turkiy (eski o'zbek) adabiyoti rivojining ilk sarchashmalarida turgan o'tmishdosh adiblarimizning yirik namoyandalaridan biri Ahmad Yugnakiy (XII-XIII asrlar)dir. Adib Ahmadning "Hibatul haqoyiq" ("Haqiqatlar tuhfasi") asari (484 misradan iborat)ni ko'zdan kechirarkanmiz, unda inson shaxsiyati, uning ta'lim olishi, tarbiyasi bilan bog'liq juda ko'plab o'tkir, dolzarb masalalarning o'rin olganligini, ularni to'g'ri, xolis va ehtiros bilan yoritilganligini ko'ramiz. Adib Ahmad bilimning inson hayotidagi beqiyos o'rnini ulug'lash barobarida odamlarni bilimli, ma'rifatli

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

bo'lishga da'vat etadi. O'rta Osiyo xalqlari Uyg'onish davri adabiyotini ayni chog'da forsiyzabon ijodkorlar ijodi bilangina qo'shib tasavvur etish mumkindir. Bu o'rinda Somoniylar davrining tengi yo'q zukko shoiri Abu Abdulloh Rudakiy (860-941) ijodi alohida ko'zga tashlanib turadi. Negaki, juda ko'p nufuzli manbalarda aytilishicha, fors-tojik tilida ijod qilgan shoirlarning birortasi ham unga teng keladigan darajada asarlar bitmaganlar. Ba'zi olimlarning fikricha, Rudakiy bir million uch yuz ming misragacha she'r yozgan. Biroq afsuski, shoirning boy adabiy merosidan bizgacha attigi ming bayt she'riy asarlar etib kelgan, xolos. Rudakiy asarlari, ayniqsa uning ruboiylari shu qadar ta'sirchan, ohangdorki, ular kishilar qalbini o'ziga beixtiyor mahliyo etadi. Shoir tabiat go'zalliklarini jozibali tarannum etish barbarida odamlarni yurt, Vatanni sevishga, unga farzandlik burchi bilan astoydil xizmat qilishga datvat etadi. Uning ruboyilarida ifodalangan teran falsafiy fikrlar, hayotiy lavhalar bugungi avlod kishilari uchun ham ibrat bo'la oladi. Bu davr adabiyotining daho san'atkorlaridan yana biri Abulqosim Firdavsiy (940/941-1030)dir. Uni olamga mashhur, nomini tillarda doston qilgan, abadiylikka muhrlagan narsa-bu allomaning -betakror "Shohnoma" asaridir. Negaki, bu shoh asarda Eron va Turon xalqlarining ming yilliklar qa'riga borib taqaladigan uzun ko'hna tarixi, tutash taqdir-qismatlari, jangu jadallari, mislsiz jasoratu qahramonliklari katta mahorat bilan ifodalangan. 60000 baytdan iborat bunday yirik epik asarning dunyoga kelishi Firdavsiyning badiiy ijoddagi ulkan jasoratidir. Shoir Movarounnahr, Xuroson va Eronning katta o'tmishiy tarixiga murojaat qilib, uning qat-qatiga yashiringan noyob injularni shodaga chizib, xalq og'zaki ijodi durdonalarini chuqur o'rganib, ularni o'z zamonasining etilgan dolzarb masalalari, vazifalari bilan uyg'unlashtirib, shunday buyuk asar yaratdiki, mana necha asrlardirki, u bashariyat ahlining doimiy nazarida va nigohida bo'lib kelmoqda. Islom madaniyati IX-XII asrlar davri nafaqat dunyoviy fanlarning yuksaklab borishi bilan, shu bilan birga islomiy madaniyat va ma'naviyatning shakllanib, chuqur ildiz otib borishi, bu sohada talay etuk olimu ulamolarning etishib chiqib, Vatanimiz sha'nini olamaro, ulug'laganligi bilan ham tavsiflanadi. Garchand islom dini Arabistonda vujudga kelgan bo'lsa-da, biroq yangi ilohiy ta'limot Turkiston zaminida ravnaq topdi, takomiliga erishdi.

Turkiston musulmon dunyosiga Xorazmiylar, Buxoriylar, Termiziylar, Nasafiylar, Samarqandiylar taxalluslari bilan ijod qilgan ko'plab noyob iste'dod sohiblarini etishtirib berdi. Islom va uning asosiy ta'limoti aks etgan "Qur'oni Karim" g'oyalarining o'lka hayotiga kirib kelishi va keng yoyilishi, shuningdek, mahalliy xalqlarning musulmonchilik tamoyillari va udumlarini qabul qilishi hamda ularga e'tiqod bog'lashi davomida asta-sekin islom madaniyati shakllanib, chuqur ildiz otib bordi. Bunda shu yurt zaminidan etishib chiqqan buyuk islomshunos

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

allomalarning xizmati benazirdir. Yurtimizda islomiy madaniyatning yuksalib borishi barobarida uning ulug'vor g'oyalari, asl maqsadlarini keng tashviq, targ'ib qilish, ayniqsa hadis ilmini asosli tadqiq etish kuchayib bordiki, bunda sarzaminimizdan chiqqan qator buyuk muhaddis olimlarning xizmati katta bo'ldi. Hazrati payg'ambarimiz Muhammad Alayhivassalom nomi va u zoti sharifning muborak so'zlari bilan bog'liq "Qur'oni Karim" oyatlari mazmuni, mohiyatini teran tushunish va anglab etishga muhim kalit bo'lib xizmat qiladigan hadisshunoslik ilmi IX asrda jiddiy rivoj topdi. Butun musulmon olamida eng ishonchli manbalar deb tan olingan 6 ta ishonchli hadislar to'plami (as-sihoh as-sitta) xuddi shu davrda yaratildi. Ular orasida Hadis ilmida "Amir al-mo'minin" degan sharafli nomga sazovor bo'lgan Imom al-Buxoriy (810-870) nomi yorqin ko'zga tashlanib turadi. Yuksak aql-zakovat sohibi al-Buxoriy, Sharqning yirik ilmiy va ma'rifiy markazlaridan biri - Buxoroi sharifda tug'ilib, juda erta yoshligidan diniy bilimlarni chuqur egallaydi. Imom Buxoriy o'z safarlari davomida turli shaharlardagi 90 ga yaqin ustozlardan ta'lim olgan. Ayni chog'da uning o'zi ham san-sanoqsiz shogirdlarga ustozlik qilgan. Imom Buxoriy shogirdlari orasida Ishoq ibn Muhammad ar-Ramodiy, Muhammad al-Masnadiy, Xalaf ibn Qutayba, Abu Iso at-Termiziy, Muhammad ibn Nasr al-Marvoziy, Imom Ahmad ibn Hanbal singari zukko olimlar nomi alohida ajralib turadi. Imom Buxoriy go'zal insoniylik sifatlariga ega bo'lishi bilan birga uning quvvai xofizasi, xotirasi ham nihoyatda o'tkir bo'lgan. Manbalarda uning 600 mingga yaqin hadisni yod bilganligi qayd etilgan. Al-Buxoriy keyingi nasllar uchun o'zidan katta, boy ilmiy meros qoldirgan. Uning qalamiga mansub noyob asarlar ro'yxati 20 dan oshadi. Bu asarlar orasida "Al-jome' as-sahih" asari (U "Sahiyh al-Buxoriy" nomi bilan ham yuritiladi) o'zining mukammalligi, ahamiyatining benihoyaligi bilan ajralib turadi. Alloma ibn Salohning ta'kidlashicha, al-Buxoriyning bu asariga kiritilgan ishonchli hadislarning soni takrorlanadiganlari bilan birga 7275 ta, takrorlanmaydigan holda esa 4000 hadisdan iborat. Eng muhimi shundaki, bu sharafli ishni birinchi bo'lib al-Buxoriy boshlab bergan bo'lsa, keyinchalik boshqa olimlar unga ergashib, hadislar to'plamini yaratganlar. Allomaning "Al-jome' as-sahih" asari asrlar davomida butun musulmon dunyosida yuksak qadrlanib, necha bor nashr etilib, er yuzi musulmonlari uchun dasturilamal qo'llanma bo'lib kelmoqda. Uning 1325-yilda ko'chirilgan 8 jilddan iborat mukammal nusxasi hozirda Istanbul (Turkiya)da saqlanmoqda. Uning asarlarida ifodalangan mehr-muhabbat, sahiylik, ochiq ko'ngillik, kattalarga hurmat, yetim-yesirlarga muruvvat, beva-bechoralarga himmat, vatanga muhabbat, halollik, pokizalikka da'vat etuvchi yuksak insoniy fazilatlar, olijanob tuyg'ular hamisha insonlarga ma'naviy ozuqa bag'ishlab kelgan.

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

Imom al-Buxoriyning zamondoshi va shogirdi, o'z davrining mashhur allomasi -Abu Iso Muhammad at-Termiziy (824-892) ham hadisshunoslik ilmini yuksak bosqichga ko'targan yorqin siymolardandir. O'rta asrlar davrining yirik madaniy markazlaridan sanalgan Termiz shahri atrofida (Bug' qishlog'i - hozirgi Sherobod tumani) tavallud topgan bo'lg'usi alloma o'z ona yurtida dastlabki ma'lumot olganidan so'ng O'rta Osiyoning Urganch, Buxoro, Samarqand kabi yirik shaharlarida bilimini takomillashtiradi. Bundan ham etarli qanoat hosil qilmagan, hamisha ilmga chanqoq at-Termiziy Sharq mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Shu tariqa, u uzoq yillar Iroqda, Isfahon, Xuroson, Makka, Madina singari shaharlarda yashab, ilm-fanning turli sohalaridan-ilm al-qiroat, ilm al-bayon, fikh, tarix va ayniqsa hadis ilmidan o'sha zamonning yirik ustozi buzruklaridan ta'lim oladi. Ayni paytda at-Termiziyning o'zi ham yuzlab shogirdlarga mehribon ustoz bo'lib, ularning hadis ilmining bilimdonlari sifatida shuhrat topishlariga katta homiylik ko'rsatgan. At-Termiziydan bizgacha katta ilmiy meros etib kelgan. Uning asosiy asarlari sirasiga "Al-Jomi'" ("Jamlovchi"), "Al-ilal fi-l-hadiys" ("Hadislardagi og'ishmalar"), "Risola fi-l-xilof va-l-jadal" ("Hadislardagi ixtilof va bahslar haqida risol"), "At-tarix" ("Tarix") kabilarni nisbat berish mumkin.

XULOSA

Xulosa qilib aytganda, IX-XI asrlarda Musulmon Sharqidagi madaniy taraqqiyot Jahon ilm-fani va madaniyati rivojlanishiga alohida, betakror ta'sir ko'rsatdi. Musulmon Sharqidagi bu ijobiy hodisani ikkilanmasdan "Sharq renessansi", ya'ni "Sharq uyg'onishi" deyish mumkin.

REFERENCES

1. Игнатенко А. А. В поисках счастье: Общественно - политическое воззрения арабско-исламских философов средневековья. М.: Мысль, 1989 г.

2. Избранные произведения мыслителей стран Ближнего и Среднего Востока. М., 1965 г.

3. Ирмияева Г. Ю. история мусульманского мира от халифата до блестательний порты. Пермь, 2003 г.

4. История Востока. Т. 2. Восток в средние века. М.: Вост. литература РАН,

5. Sulaymonov, J. Abdurahmon ibn Xaldunning tamaddun taraqqiyoti haqidagi qarashlarida jamiyat tahlili//Academic Research in Educational Sciences, Vol. 2 Special Issue 1, 2021. 451-455 R.

1999 г.

SJIF 2023 = 6.131 / ASI Factor = 1.7

3(6), June, 2023

6. Sulaymonov, J.Karimov N.Contribution of Abu Isa Tirmidhi to the Science of Hadith //International Journal of Innovative Technology and Exploring Engineering (IJITEE) ISSN: 2278-3075, Volume-9 Issue-1, November, 2019. P. 593-599.

7. Sulaymonova, S. N. (2021). IBN MISKAVAYH MASHSHOIYYUNLIK YO 'NALISHINING SISTEMALASHTIRUVCHISI. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 1(5), 15-20.

8. Sulaymonova, S. N. (2021). IBN MISKAVAYHNING ARAB TILIDA YOZILGAN ASARLARI TAVSIFI. Academic research in educational sciences, 2(2), 908-913.

9. Sulaymonova, S. N. (2022). IBN MISKAVAYH ASARLARIDA HIND AXLOQIGA OID MULOHAZALAR. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2(Special Issue 25), 635-641.

10. Sulaymonova, S. N. (2022). IBN MISKAVAYHNING INSON KAMOLOTI MASALASIGA MUNOSABATI TAHLILI. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2(Special Issue 23), 917-923.

11. Sulaymonova, S. N. (2022). ABU NASR FOROBIY VA IBN MISKAVAYH AXLOQIY QARASHLARINING QIYOSIY TAHLILI. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 2(2), 730-741.

12. Sulaymonova, S. N. (2022). IBN MISKAVAYHNING "TARTIBUS-SAODAT" VA "MANAZILULULUM" ASARI HAQIDA. Academic research in educational sciences, 3(12), 684-688.

13. Sulaymonova, S. N. (2021). IBN MISKAVAYH AXLOQIY QARASHLARIDA INSON KAMOLOTI MASALASINING QO 'YILISHI. Oriental renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences, 1(8), 919-925.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.