CENTRAL ASIAN ACADEMIC JOURNAL ISSN: 2181-2489
OF SCIENTIFIC RESEARCH VOLUME 2 I ISSUE 1 I 2022
HAMZA LIRIKASIDA MA'RIFAT MASALASINING YORITILISHI
Sohiba Abdujabbor qizi Arzikulova
Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti 1-bosqich magistranti
Ilmiy rahbar: Nodira Djoxongirovna Xolikova
ANNOTATSIYA
Maqolada jadid adabiyotining yetuk namoyondalasi Hamza Hakimzoda Niyoziy ijodida ma'rifatga chorlov g'oyasi kuchli bo'lgani ochib berilgan. Hamza nasr, lirika va dramaturgiyada ham shu mavzuda qalam tebratgan. Shoir lirikasining salmoqli qismini ma'rifat, axloq, ta'lim-tarbiya masalalari tashkil etishi misollar orqali yoritilgan. Hamzaning "Kitob", "Ilm ista", "O'qi", "Maktab", "Ilm-u axloq-u adab" kabi lirik namunalari tahlilga tortilgan. Hamzaning ta'lim-tarbiya borasidagi qarashlarining o'ziga xosligi ko'rsatilgan.
Kalit so'zlar: jadid she'riyati, ma'rifat, axloq, tarbiya, ilm, o'quv, adab, maktab, ilmsizlik, saodat.
EXPLANATION OF THE PROBLEM OF ENLIGHTENMENT IN THE LYRICS OF HAMZA
ABSTRACT
The article shows that the idea of enlightenment was strong in the work of Hamza Hakimzod Niyazi, a leading figure in Jadid literature. Hamza has also written on this topic in prose, poetry and drama. Examples show that a significant part of the poet's lyrics are questions of enlightenment, morality, and upbringing. The lyric works of Hamza were analyzed: "Kitob", "Ilm ista", "Oki", "Maktab", "Ilm-u ahlak-u adab". Hamza's views on education are unique.
Keywords: jadid poetry, enlightenment, morality, upbringing, science, educational, decency, school, ignorance, felicity.
KIRISH
XX asr o'zbek xalqi tarixining muhim qismini tashkil etadi. Bu davr tarixga Turkistonda jadidchilikning paydo bo'lishi va sho'rolar jamiyatini qurish uchun kurash yillari sifatida kirdi. Xalqimiz mustamlaka davridagi ijtimoiy adolatsizliklardan qanchalik aziyat chekmasin, qanchalik qiynalmasin, hech qachon tushkunlikka tushmadi. Kelajakka ishonch bilan qarab mustamlakachilikka qarshi erk va ozodlik uchun turli shakllarda izchil kurash olib bordi. Xalq orasidan yetishib chiqqan Mahmudxo'ja Behbudiy, Hamza, Munavvarqori Abdurashidxon o'g'li, Abdulla
107
UZBEKISTAN | www.caajsr.uz
Avloniy, Fitrat, Abdulqodir Shakuriy singan o'z davrining ilg'or ziyolilari va ijodkorlari xalq ahvoliga achinib, bunga chora izlay boshladilar. Ular xalq mashaqqatli hayot iskanjasida qiynalib kun o'tkazayotganining asosiy sababi ilmsizlikdir, degan xulosaga keladilar. Mehnatkash ommani ma'rifatli qilish yo'llarini axtaradilar. Shunday qilib, XX asr boshlariga kelib milliy uyg'onishga chorlovchi jadidchilik harakati yuzaga keldi. Bu harakatning asosiy maqsadi - oddiy xalq hayotini yaxshilashga ko'maklashishdan iborat edi. Bu borada M.Behbudiy tomonidan quyidagicha fikr keltiriladi: "Xalq o'z foydasini anglasa, milliy maktab va madrasalar ochsa, Ovro'pa dorilfununlariga bolalarini yuborsa, alardan advokat, muharrir va hunarmand, savdogar va muhandislar chiqsa, bularning har biri o 'z vazifalarida turib, ishlarini tartib ila tuzsalar, xalqimizning foydasini ko'zlasalar, naqadar oliy va naqadar go'zal bo'lur edi" [2. 10]. Jadidlar ko'zlagan maqsadlariga erishishda, taraqqiyotni ta'minlashda istiqlolning o'rni, ma'rifatning ahamiyatini to'g'ri baholaganlar. Bu yo'lda "Birinchi navbatda qora xalqni oqartirmoq va ko'zin ochmoq" [2. 11] (A. Avloniy) yo'lidan bordilar.
Hamzadan katta adabiy-madaniy meros qolgan. Hamza ijodini o'rganish uning tirikligida - 20-yillarda boshlangan. 30-yillarga kelib hamzashunoslikda Sotti Husayn, Yusuf Sulton, Komil Yashin, Izzat Sulton, Homil Yoqubov faollik ko'rsatdi. Hamzashunoslik ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda o'z taraqqiyotining yangi bosqichiga ko'tarildi. Hamza ijodining mavzular doirasi, g'oyaviy mundarijasi, o'ziga xos xususiyatlari, xalqchillik, zamonaviylik, an'ana va novatorlik masalalarini yoritishga e'tibor kuchaydi. Ibrohim Mo'minov, Komil Yashin, Izzat Sulton, Yusuf Sulton, Vohid Zohidov, Laziz Qayumov, Mahmudali Yunusov, Tursun Sobirov, Hafiz Abdusamatov kabi taniqli olimlar adib ijodini turli rakurslarda tadqiq etishdi. Mustaqillik davri imkoniyatlari, shart-sharoit va erkinlik hamzashunoslik sohasida yangi tadqiqotlar bajarilishini taqozo etadi.
ASOSIY QISM
Hamza ijodining boshlanmasi 1905-yillarga to'g'ri keladi. U dastlabki she'rlariga "Nihon" ("Yashirin") taxallusini qo'ygan. Hamzaning dastlabki she'rlarida Muqimiy va Furqat singari ma'rifatparvar shoirlar yo'lidan borish sezilib turadi. Bu hol Hamza g'azallari vazni, qofiyasi, radifi, mavzusida ko'rinadi.
Hamza atrofdagi voqelikka loqayd qarab tura olmasdi, shu bois shoir o'z davrining muhim ijtimoiy masalalarini yoritishga harakat qila boshladi. Bu ma'noda Hamzaning 1915-1917-yillarda yaratgan "Milliy ashulalar uchun milliy she'rlar" nomli majmuasi alohida e'tiborga loyiq. Bu majmuada davr ruhi, millat turmushi, orzu-umidlari, yechimini topish lozim bo'lgan muammolar o'z aksini topgan. Shoir xalq baxtsizligiga faqatgina ma'rifat va millat birligi barham bera olishiga ishongan. Hamza
ijodining ushbu bosqichida ma'rifatga chorlov ustunlik qiladi. Hamzaning dunyoqarashiga jadidchilik harakati jiddiy ta'sir ko'rsatdi. Hamza ijodi jadid adabiyotining asl namunalari qatorida turadi. Ijodining dastlabki davrida Hamzaning an'anaviy mumtoz adabiyotga ixlosi baland bo'lib, o'z asarlarini shu yo'nalishda yaratdi. Hamzaning "Yengil adabiyot", "O'qish kitobi", "Qiroat kitobi" nomli uch darsligi va dastlabki "Devon"ida ham diniy va ma'rifatparvarlik mavzusidagi asarlar anchagina o'rin egallagan. Hamza ko'plab mamlakatlarda bo'lib, ulardagi hayot va rivojlanish darajalarini o'z yurtidagi holat bilan solishtiradi va ijtimoiy qoloqlikdan qayg'uga tushadi. Hamza bunday holatning asosiy sababi - ilmsizlikdir degan xulosaga keladi, xalqni ilmli bo'lishga, ma'rifat egallashga da'vat etadi. Boshqa millatlar turli ixtirolar qilayotgan bir paytda millati o'z erki uchun ham kurasha olmayotganidan eziladi va bunday yozadi:
"Olim bo'lsak dunyoda Kelur har ish bunyoda, Biz ham suv osti kezib Ham ucharmiz havoda" [3. 39].
Hamza Hakimzoda 1914-1915-yillarda yozilgan "O'qi!", "Ilm ista", "Olim bo'laylik", "Kitob", "Qalam", "Maktab", "To'g'ri so'zla", "To'g'ri so'z bola", "Ilm-u axloq-u adab", "Qimorning boshi", "Bolaning yomon bo'lmog'iga sabab bo'lgan onaning jazosi" kabi pedagogik she'rlarida ilm-ma'rifat, axloq-odob, to'g'rilik, halollik, chin do'stlikni targ'ib qiladi. "Ilm ista" she'rida shoir mehnatkash ommaga qarata deydi:
"Olamning xurshidi kundir, odamning xurshidi ilm, Olamning zulmoti tundir, odamning nodori ilm" [3. 37].
Ma'rifatparvarlik, taraqqiyparvarlik, millatparvarlik, yurtsevarlik g'oyalari Hamza ijodining bosh yo'nalishini tashkil etadi. Hamza "Yig'la, Turkiston", "Yaxshi holin yo'qotgan oqibatsiz Turkiston", "Dardiga darmon istamas" kabi she'rlarida hamon g'ofillik uyqusidan uyg'onmagan Turkiston o'lkasini uyg'onishga, ma'rifatga, taraqqiyotga chaqiradi. Bu xalqchil va dolzarb asarlarda Hamza she'riyatining g'oyaviy-estetik xususiyatlari yaqqol namoyon bo'ladi.
"O'g'ul-qizimiz o'ynar pirpirak, Qaydin bilsunlar o'qumoq kerak. Ota-onalar sabab o'lushib, Yakson o'lmasa garangu ziyrak. Yetishdi hamon o'qurga zamon Endi ilmsiz yashamoq gumon" [3. 40].
Shunisi muhimki, Hamza asarlaridagi g'oy xalqlar do'stligi tamoyillariga asoslanadi. Hamzaning 1915-1916-yillarda nashr etilgan "Oq gul", "Qizil gul", "Sariq
CENTRAL ASIAN ACADEMIC JOURNAL ISSN: 2181-2489
OF SCIENTIFIC RESEARCH VOLUME 2 I ISSUE 1 I 2022
gul", "Yashil gul", "Pushti gul", "Safsar gul" nomli she'riy to'plamlarida xalqparvarlik g'oyalari bo'rtib turadi.
Hamza yangi o'zbek she'riyatining ilk namunalarini yaratgan ijodkorlardan biri sifatida tarixda qoldi. Shu bilan birga, u yangicha mazmunni yangicha shaklda ifodalash uchun kurashib, poetik shaklni mukammallashtirish, badiiy asar tilini jonli xalq tiliga yaqinlashtirish borasida jiddiy izlanishlar olib borgan shoirdir.
Shoirning "Ey ko'ngil" she'rida zulmatda qolgan qalblarga chirog' bunday ta'riflanadi:
"Ey ko'ngil, istar esang zulmat qulubingga chirog', Ahli donish suhbatidan bo'lmagil hargiz yirog'" [3. 16].
Xo'sh, donolar suhbatidan ne foyda? Shoir bunga qanday javob beradi? "Matlabing rahmat esa xulq-u adabda qoin ul, To iki dunyoda topgil davlati fazl-u farog'" [3. 17].
Hamzaning ilm-u adab borasidagi qarashlari "Ilm-u axloq-u adab" nomli she'rida o'z badiiy ifodasini topadi:
"Kimki ko'rmas maktab-u ustod-u ta'lim-u adab, Farqi yo'q hayvondin oni bo'lsa bing oliy nasab. Odamiyat mevasi, insoniyat bog'i aro, Beadablar biyd yanglig' bo'lg'usi oxir xatab" [3. 25].
O'z davrida Alisher Navoiy "insonni so'z ayladi judo hayvondin" deb aytgani barchamizga ma'lum. Hamza Hakimzoda Niyoziy esa ta'lim-u adabdan yiroq kishini hayvondan farqi qolmasligini ta'kidlaydi va ta'lim-tarbiyaning darajasini yanada ko'taradi. Hamza xuddi shu holatning sababini yigitlar va qizlar o'rtasidagi aytishuvda keltiradi:
Erlar:
"Tanda g'ayrat, ko'zda ibrat, dilda himmat yo'q, Ilm-u adab, xulq-u ismat, or-u iffat yo'q. Xotin dunyosida sizdek, jonim onalar, Milliy burchin o'tolmagan hech millat yo'q.
Qizlar:
Tanda g'ayrat, ko'zda ibrat, dilda himmat ko'p, Milliy burchni o'tamakka ilm-u san'at yo'q. Ruhoniylar, ota-onalar millata mas'ul,
Chunki bizning yo'limiz masdud, hech HURRIYAT yo'q" [3. 41].
Ko'rish mumkinki, bora-bora barcha ilmsizlik va qoloqliklarning yagona ustuvor sababi - erksizlik, hurriyatga ega emaslik.
110
UZBEKISTAN | www.caajsr.uz
XULOSA
"Istiqlol jadid ziyolilarimiz orzulagan eng muqaddas tilak edi. Shu tilak yo'llarida ularning bor kuch-quvvati, navqiron yigitlik umrlari nisor bo'ldi, boshlari kundaga tortildi" [4. 3]. Mana shunday adiblarimizdan biri Hamza Hakimzoda Niyoziy ham yurt ravnaqi deb, millat ziyosi deb yonib yashadi. O'z asarlarining zohiri -yu botinini shu mavzu bilan naqshladi. Hatto, umrini-da bag'ishladi, biroq ko'plar ko'rolmagan istiqlol, HURRIYAT Hamza uchun ham orzuligicha qolib ketdi. XX asrda o'zbek millati tarixida yangilanish tarafdorlari bo'lib, she'riyat, nasr va dramaturgiyaga yangi shakl va mazmun olib kirishga harakat qilgan yetuk adiblarimiz yoqqan mash'ala esa hanuz o'chgani yo'q.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI (REFERENCES)
1. Karimov, N. (2019). Abdulla Qodiriy zamondoshlari. Akademnashr.
2. Mirzayev, S. (2005). XX asr o'zbek adabiyoti. Yangi asr avlodi.
3. Niyoziy, H.H. (1958). Tanlangan asarlar. 1-tom. She'rlar.
4. Rizayev, Sh. (1997). Jadid dramasi. Sharq.
5. Xoliqova, N. (2020). O'zbek jadid she'riyatida ozodlik harakatining badiiy talqini. Navro'z.
6. Холикова, Н. (2020). Узбек мумтоз адабиётида хотин-кизлар образининг бадиий тадрижи (Ширин образи мисолида). Academic research in educational sciences, (3).
7. Kholikova, N. D. (2020). The genesis and poetic evolution of character Shirin. Alisher Navoi and the XXI centure.
8. Djokhongirovna, K. N. (2020). The period of national awakening in uzbek poetry echo of the treasure voice of the nation. International Journal of Psychosocial Rehabilitation, 24(6), 4045-4054.
9. Холикова, Н. (2020). 9-синф адабиёт дарсида ширин образини генезисига кура урганиш. Science and Education, ^(Special Issue 2).
10. Kholikova, N. (2020). POETIC FEATURES OF UZBEK POETRY OF THE NATIONAL AWAKENING PERIOD. Theoretical & Applied Science, (4), 615-623.