Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
DUTOR CHOLG'U TARIXIGA NAZAR
Xurshida Mirzafarovna Mirsolixova
"Xalq cholg'ularida ijrochilik"kafedrasi o'qituvchisi, O'zbekiston davlat konservatoriyasi
ANNOTATSIYA
Insonning ruhiy kamoloti haqida gapirar ekanmiz, albatta bu maqsadga musiqa san'atisiz erishib bo'lmaydi. Xalqimiz hayotida musiqa azaldan beqiyos o'rin tutib kelgan. Musiqiy merosimizni asrab-avaylash, o'rganish, uni o'quvchi-yoshlarga bezavol yetkazish, milliy va umumbashariy musiqa san'ati yutuqlarini singdirish ustozlar oldida turgan muhim vazifadir. Shu qatori cholg'ular tarixi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Kalit so'zlar: dutor, tambur, cholg'ular, qadimiy, musiqiy ohanglar, ayol haykalchasi.
ABSTRACT
If we talk about the spiritual perfection of a person, this goal cannot be achieved without the art of music. Music has always played an important role in the life of our people. Preserving and studying our musical heritage, conveying it to students and young people, instilling the achievements of national and universal music art is an important task for teachers. Along with this, the history of musical instruments is also important.
Key words: dutor, drum, musical instruments, ancient, musical tones, female statue.
KIRISH
Sharq musiqiy sozlari juda qadimiy o'tmishga ega. Ularning har-biri o'ziga xos kelib chiqish tarixiga ega. Zero har-bir cholg'u o'zi mansub bo'lgan xalqning turmush tarzi, mentaliteti, an'ana-yu- udumlarni o'zida mujassam etib, o'sha davr insonlarining hayot-tarziga, sharoitiga moslashgan. Bu haqda asrlar davomida ajdodlardan og'izdan -og'izga o'tib kelgan hikoyatu-rivoyatlardan, o'sha zamon olimlarining risolalaridan, arxeologik topilmalar, tog'lardagi qoya-toshlarda tasvirlangan rasmlardan bilib olishimiz mumkin. Ana shunday qadimiy tarixga ega sozlardan biri - dutor, xalq musiqa san'atida o'ziga xos o'rin tutadi.
Dutor -Markaziy Osiyo xalqlari, shuningdek xorijiy Sharq mamlakatlarida keng tarqalgan, chertib ijro qilinuvchi qo'sh torli musiqiy cholg'ular sirasiga kiradi. Ushbu cholg'u haqida dastlabki ma'lumotni, XV asr olimi ( Temuriylar davrida) Zaynulobidin al-Xusayniyning A.Navoiyga bag'ishlangan "Qonuni ilmiy va amaliy musiqiy" ("Musiqaning ilmiy va amaliy qonunlari") nomli risolasida uchratamiz.
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
Undagi ma'lumotlarga tayanib, biz o'sha zamonda kvarta intervali oralig'ida sozlanuvchi o'n bir pardaga ega bo'lgan ikki torli cholg'u bo'lgani haqida bilishimiz mumkbn. Cholg'uning pardalari arab alifbosi harflari bilan belgilangan bo'lib, an'anaviy musiqiy ohanglar yaratish me'yorlariga asoslangan va hozirgi zamonaviy dutordan anchagina farq qilgan. Faqat dasta qismi nisbatan qisqaroq, kosasi va bo'g'zi kattaroq ("Ud"dan kichikroq) bo'lganligi qayd qilingan. Dutorning eng asosiy belgisi, bu uning torlari sonida bo'lib, "du tor" ya'ni ikki tor so'zinig paydo bo'lishiga, shunday ko'rinishdagi boshqa ko'p torli sozlardan farqlanishi sabab bo'lgan.
MUHOKAMA VA NATIJALAR
Dutor- Markaziy Osiyo xalqlarining aksariyatida ya'ni o'zbek, tojik, turkman, qoraqalpoq, uyg'ur xalqlari orasida keng tarqalgan milliy cholg'u. Ular bir-biridan shaklan, qisman usluban (ijro etish), tarkiban (tovushqator, diapazon) bir oz farq qilsada, xususiyati jihatidan biri-biriga mos va mutanosib.
Dutor va tanburning o'zaro bog'liqligi haqida turkman mumtoz she'riyatida ham bir necha satrlar bor. Azaldan "tanbur" va "dutor" so'zlari turkmanlar tomonidan sinonim sifatida ishlatilgan. Dutor "tanbur" yaqin "tamdir" so'zi bilan ataladi. Ayrimlar bu so'zning kelib chiqishiga, cholg'u qopqog'ining (deka) tandirda kuydirilgani sabab bo'lgan, degan tahminni ilgari surishsa, yana bir tahminlardan biri "tamdir" so'zi "tommir-tommir" ya'ni dutorda ijro etilganda eshitiluvchi tovushdan kelib chiqqan, degan hulosadir. Lekin, bu ikkala tahmin ham haqiqatga yaqin emas. Sh.Gullievning fikricha "tamdir", "tanbur" so'zining bir ko'rinishi bo'lib, keyinchalik shevadv "tamdir" iborasiga aylanib ketgan. Turkman xalqi orasida dutorning kelib chiqishi haqida bir necha afsonalar bor. Shulardan biri V.Uspenskiy bilan suhbat chog'ida Sari baxshi so'zlab bergan afsona bo'lib, bu ham dutor cholg'usi XV asrda qayd etilganidan qadimiyroq ekanini ta'kidlaydi.
Afsonalardan birida Xazrat Ali (VII asr oxiri, VIII asr boshlari) otinig kundan -kunga ozib ketayotganidan havotirlanib, otxonasiga kirsa, u yerda otboqari qandaydir soz ijro etayotganiga ko'zi tushadi. Sozdan taralayotgan yoqimli sadoga mahliyo bo'lgan jonivor oldida turgan ovqatini ham unutgan ekan. Hayratini yashira olmagan hazrat Ali otboqardan:- Bu ne cholg'u? - deya so 'rabdi.
Otboqar:-Tuttor- deb javob beribdi va tut daraxtidan yasaganini, torini esa ipakdan tortganligini haqida aytibdi.
Shunda Xazrat Ali:-Tutning ayrilgan qismlari yana birlashganidan so'ng shunday mungli ohang chiqarayotgan bo 'Isa kerak! -degan xulosaga kelgan ekan.
"Dutor so'zining zaminida yangi cholg'u emas, balki, Sharqda keng tarqalgan tanbur cholg'usining bir ko'rinishi," degan xulosani T.S.Vizgo ilgari surgan.
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
Yuqorida keltirilganidek, dutor sozi haqidagi ilk ma'lumot, XV asrda qayd etilgan bo'lsa-da, uning paydo bo'lishiga, ma'lum darajada zamin yaratgan, qadimiy sozlar haqida ma'lumotlarni keltirishni joiz deb topdik. Albatta, bu faqatgina taxmin xolos. Qadimda mavjud bo'lgan cholg'ular orasida ikki torli, kichik kosa va uzun dastali ud sozi haqida ma'lumotlar bor. O'rta Osiyoda o'tkazilgan arxeologik qazilma ishlari jarayonida juda ko'p musiqa cholg'ulari tasvirlari, terrakotalari (loydan yasalgan haykalchalar) topilgan. Shulardan, Salavkiylar hukmronligi davriga oid ikki torli udning terrakotasi bo'lib, uning ijrochilari aksariyat ayollar ekani e'tiborga molik. Cholg'ularning deyarli barchasi bir-hil, kosasi kichikroq (yog'ochdan o'yib ishlangan), dastasi esa uzun.
Xorazm vohasining Qo'yqirilgan qal'asidan ham terrakotalar topilgan, ularda qo'sh torli cholg'u tutgan musiqachilar tasvirlangan. Cholg'uning kosasi 6 yoki 5 burchakli bo'lib, bo'g'zidan dastaga qarab ingichkalashib ulanib ketgan. Musiqachilarning ba'zilari sozni ko'krakka qisib, gorizontal tarzda tutishgan bo'lsa, boshqalari dastani pastga qaratib olishgan. Muallifning fikricha bu, zamonaviy qozoq do'mbirasining qadimiy ko'rinishi bo'lishi mumkin. Bu cholg'u O'rta Osiyoning Shimoliy qismidagi cho'llarda istiqomat qiluvchi qabilalarga xos bo'lgan.
Marvda (hozirgi Turkmaniston chegarasidagi Mari shahri) topilgan ud cholg'usi xuddi So'g'diyonadagi singari ko'rinishda bo'lib, u bir necha ko'rinishda tasvirlangan. Ulardan biri, Afrosiyob terrakotasi singari kosasi katta va dumaloqroq bo'lib, asta - sekin ingichkalashib, kalta dastaga ulanib ketgan. Dastaning tepa qismida torlar uchun xarak joylashtirilgan. Torlari soni ikkita yoki to'rtta bo'lgan. Ikkinchi ko'rinishi esa otliq baxshining terrakotasi bo'lib, ko'chmanchi podachilarning hamrohi bo'lgan. Toshkent yaqinidagi Qanqa shahridan topilgan ud ushlagan ayol haykalchasi, avval tilga olingan sozlar orasida eng ahamiyatlisidir. Ayol harir libosda tik turgan alfozda tasvirlangan. Uning cholg'usi qo'shtorli bo'lib, balki xuddi shu cholg'u XV asrda ilk bor qayd etilgan "dutor" cholg'usining ilk ajdodlaridan biridir. Afrosiyob, Gandxara, Panjikent, Eron, Sharqiy Tojikiston chegaralarida topilgan udlarning barchasi 4 torli bo'lib, faqatgina, Xorazm vohasiga tegishli cholg'uda qo'sh tor mavjud bo'lgan. Lekin, bu yerdagi udning kosasi kichik va dastasi uzun. Qanqa shahridagi ud cholg'usida bir vaqtning o'zida ikki hil cholg'u birlashtirilgan, kosasi bir oz kattaroq, dastasi nisbatan qisqaroq, torlari bir juft bo'lgan. Torlar maxsus "tugmachalar" yordamida mahkamlangan. Haykalcha V asrga taalluqli degan xulosalar ham yo'q emas. Shunga o'xshash topilmalarning soni juda ko'p. Markaziy Osiyoda er.av. "II asrdan, to XII asrgacha bo'lgan davr orasida mavjud bo'lgan udlarni R.Sadokov guruhlarga ajratib chiqqan. Unga ko'ra, udsimon cholg'ular besh guruhga bo'lingan:
Oriental Renaissance: Innovative, educational, natural and social sciences
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
1.Dumaloq udlar, 4-2 torli (Xorazm);
2.Noksimon udlar:
a) katta noksimon, 4-3-2 torli (so'g'd-baqtriya -marv guruhi)
b) kichik noksimon, 4-3-2 torli (so'g'd -shosh - marv guruhi)
3.Bodomsimon udlar, 4-1 torli (so'g'd -toxariston guruhi)
4.Gitarasimon udlar, 4-2 torli (baqtriya - marv guruhi)
5.Dutorsimon udlar, 2 torli (Marg'iyona-parfiya guruhi)
Keltirilgan cholg'ularning barchasi biri - biridan noyob hisoblanib, har-biri o'z davrida xalq orasida foydalanilgan va insonlarning hayot-tarzidan kelib chiqib, yashash joyiga moslashtirilgan sozlardir. Ular, turmush muammolaridan xorigan mehnatkashlarni ma'naviy hordiq chiqarishida o'ziga hos o'rin tutgan. Bizga esa ular, qadimiy ajdodlarimizning musiqaga bo'lgan muhabbatidan darak beradi.
X asrda Abu Nasr Farobiyning "Kitob ul-musiqi al kabir" kitobida tanburning ikki turi Bog'dod va Xuroson ko'rinishi haqida yozilgan.
Abduqodir Marog'iy bergan ma'lumotga ko'ra, XIV-XV asrlarda Markaziy Osiyo, Kavkaz orti va Eronda Tabriz - Sheroz dutor sozining kelib chiqishi aynan turk tanburiga tegishli, chunki, zamonaviy dutorning tasviri "Shervon tanburidan ikki barobar kichik, dastasi uzunroq, sozi-kvarta bo'lgan".
Yana bir o'xshatishlardan biri, V.A.Uspenskiyga tegishlidir. U cholg'uning tut daraxtidan yasalgan qismiga - "Onasi", uning torlariga esa -"bolasi" deya ta'rif bergan. Chunki, tut va ipakning bir biriga ohangdoshligi, ularni ko'rinmas rishtalar bilan bog'likligidan va ikkisi ham bir vujudning mahsuli ekanligidandir. Dutor tovushining shirador va mayin ekanligi sababi shu bo'lsa kerak balki. Cholg'ularning kelinchagiga o'xshatgim keldi dutorni. Xuddi-ki, ijro etuvchining qalb tug'yonlari, uning goh quvonchli hislarini sezib shunga mos sadolanib, unga taskin berayotgandek go'yo. Balki shu sababli dutor qadimdan ayollarning eng sevimli, dilga yaqin ovunchog'i,.undan taralayotgan ohang dilni allalayotgandek bo'lgan. Ijrochining qalb tug'yonlari, goh qayg'uli, quvonchli hislarini sezib shunga mos sadolanib, taskin berayotgandek go'yo.
XULOSA
Asrlar silsilasiga bardosh berib, shu kungacha yetib kelgan dutor cholg'usi hozir ham o'z husnini yo'qotmagan. Nazarimda, u ayni chog'da yana ham qadrliroq. Sabab, musiqa san'atimizda uning o'rni beqiyos.
Sharq donishmandlari aytganidek, "Eng katta boylik - bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros - bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik - bu bilimsizlikdir"! Shu sababli hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni o'zlashtirish, chinakam ma'rifat va yuksak madaniyat egasi bo'lish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shular
SJIF 2024 = 7.404 / ASI Factor = 1.7
haqida bayon etmoqchi edik, mutaxassislar uchun shularni bilib qo'yish zarar qilmaydi, o'quvchilarga ham yetkazish vazifamizdir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO'YXATI (REFERENCES)
1. Узбекистан Миллий Энциклопедияси.-Давлат илмий нашриёти.-Тошкент,2002
2. Вызго Т.С. Музыкальные инструменты Средней Азии.-Москва,1980
3. Расултоев Ж.К. Узбек дутор ижрочилиги.-Тошкент,1997
4. Садоков Р.П. Музыкальная культура древнего Хорезма.-Москва,1970
5. Гуллыев Ш. Туркменская музыка.-Ашхабад,2003
6. Хакимов Н.Музыкальная культура таджиков.-Хужанд,2004
7. Успенский В.А., Беляев В.М. Туркменская музыка.-Ашхабад,1979
8. Составитель -Соломонова Т.Е. История музыки Средней Азии и Казахстана. -Москва,1995
9. Мирсолихова, Х. М. (2023). МУЗЫКА КАК КАРТИНА МИРА И ФЕНОМЕН КУЛЬТУРЫ. Oriental Art and Culture, 4(1), 822-824.