УДК 634.1
Xolisbekov J.K.
Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi
Abduxomidov I.M.
Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi
To'ychiyev M.M.
Andijon qishloq xo'jaligi va agrotexnologiyalar instituti talabasi
O'zbekiston, Andijon
DORIVOR CHILONJIYDANING O'ZIGA XOS SHIFOBAXSHLIK
XUSUSIYATLARINING XALQ TABOBATIDAGI TA'SIRI VA
QO'LLANILISHI
Annotatsiya: Chilonjiydaning bir necha tabiiy shakllari(tikanli, tikansiz va tukli), shuningdek, mevalarini qayta ishlash uchun yoki mevalarini to'g'ridan-to'g'ri iste'mol qilinadigan ko'pgina madaniy navlari ma'lum. Chilonjiyda mevasidan qon bosimini pasaytirishda, qon tanqisligini tiklashda, ko'krak og'rig'ini qoldirishda, jigar, buyrak, ichak kasalliklarini davolashda, astma va turli toshmalarni yo'qotishda, yo'tal va ich ketishni to'xtatishda keng miqyosda foydalanib kelinmoqda.
Kalit so'zlar: O'zbekiston florasi, peptidalkaloidlar, askorbinat kislota, katronlar, glikozidlar, saponinlar, fitontsidlar, bronxial astma, piyelit, sistit
kasalligi.
SPECIAL MEDICAL PROPERTIES OF ZIZIPHUS JUJUBE AND ITS APPLICATION IN ETHNOMEDICINE
Kholisbekov J.K.
student of the Andijan Institute of Agriculture and Agro technologies
Abdukhomidov I.M.
student of the Andijan Institute of Agriculture and Agro technologies
Tuychiev M.M.
student of the Andijan Institute of Agriculture and Agro technologies
Annotation: There are several natural forms of ziziphus jujube (prickly, thornless and pubescent), as well as many varieties known for their fruit processing or direct fruit consumption. Zizyphus jujube fruits are widely used to lower blood pressure, relieve anemia, relieve chest pain, treat liver, kidney and intestinal diseases, relieve asthma and various rashes, and stop coughs and diarrhea.
Key words: flora of Uzbekistan, peptide alkaloids, ascorbic acid, catrons, glycosides, saponins, phytoncides, bronchial asthma, pyelitis, cystitis.
Chilonjiyda(Zizifus, Unabi) asrlar bo'yi keng ommani o'ziga maftun etib kelayotgan itjumrutdoshlarga mansub shifobaxsh, baland bo'yli buta yoki daraxtdir. Chilonjiyda eramizdan 2 ming yil ilgari Xitoyda, Hindistonda o'sishi ma'lum bo'lgan. Yer yuzida - tropik va subtropik mintaqalarda Chilonjiydaning 50 ga yaqin turlari bor. Tabiiy holda O'rta Yer dengizi atroflari, Kichik Osiyo, Eron, Afg'oniston, Mongoliya, Xitoy va Yaponiyada, Rassiyada esa Kavkaz va Tojikistonda Hisor tizmalarining yonbag'irlarida yovvoyi holda o'sadi. Uning eng ko'p tarqalgan joyi Xitoy, Koreya, Hindiston, G'arbiy Osiyo va O'rta dengizidir.
"O'zbekiston florasi" ning to'rtinchi jildida qayd qilinishicha Surxondaryo viloyatidagi To'palon daryosi vohasidagina chilonjiydaning birgina yovvoyi turi uchraydi. Lekin, ayrim botaniklar unga madaniy holda uchraydigan chilonjiydaning yovvoyilashgani deb shubha bilan qaraydilar. Florada yovvoyi holda uchraydigan chilonjiydaning mevasi yumaloq, hatto sharsimon yoki cho'zinchoq deb ta'rif beriladi. Chilonjiyda O'zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qirg'izistonda quruq yonbag'irlarda o'sadi. So'nggi yillarda olib borilgan ilmiy tadqiqot ishlari va O'zbekistonning turli burchaklarida, shu jumladan Surxondaryo va G'arbiy Tyan-Shan(Bo'stonlik)dan yig'ilgan chilonjiydalar tabiatda uning ancha keng tarqalganligini ko'rsatmoqda. Shunisi diqqatga sazovarki, tabiatda masalan, Bo'stonlik tumanida tabiiy holda chilonjiydaning yumaloq mevalisi emas, aksincha shakli jihatidan madaniy non jiydani eslatuvchi cho' ziq mevalisi keng tarqalgan. Kuzatishlar esa yumaloq mevali chilonjiydaning asosan madaniy holda tarqalganligini ko'rsatmoqda.
Bizningcha O'zbekistonda chilonjiydaning ikki turi mavjud, ular bir-birlaridan mevalari hamda shox-shabbalari va boshqa belgilari bilan farq qiladi. Duragaylash yo'li bilan yetishtirilgan bir qancha navlari viloyatlarning tog'li hududlarida ekiladi. O'zbekiston sharoitida chilonjiydalar dengiz sathidan 1000 -1500 m balandlikdagi shag'alli janubiy va janubi-sharqiy yonbag'irlarda tarqalgan. Shunisi xarakterliki, bizga ma'lum bo'lgan chilonjiydalar suv(daryo)ga yaqin serquyosh, nishab joylarda joylashgan. Chilonjiyda 100 yil va undan ham ko'p yashay oladi. Shuningdek, erta hosilga kiradi. 4-5 yoshdan to 40-50 yoshgacha yaxshi hosil beradi, so'ng hosildorligi asta-sekin kamaya boradi. Chilonjiyda may-iyun oylarida gullab, sentyabr oyida mevasi yetiladi. U serhosil bo'ladi. 15-20 yoshlardagi bir tup chilonjiyda o'rta hisobda 50 kg gacha hosil beradi.
Bizda o'sadigan chilonjiydalarning bo'yi 3 m gacha o'sadi, shoxlari yoyiq - tikanli buta yoki kichikroq bo'yi 8-12 m, tanasining yo'g'onligi esa 60 sm ga yetadigan daraxt. Shoxlari qizg'ish-jigarrang, yosh novdalari tukdor bo'ladi. Yosh o'simlikda tikanlar bo'lib, kattalashgan sari tikanlar kamaya boradi. Barglari toq yashil, terisimon, tuxumsimon, kalta bandli, serbar yoki cho'zinchoq va keng nashtarsimon, chetlari mayda arra tishli, ustki tomoni yalang'och, quyi tomoni tomirlari bo'ylab tuklar bilan qoplangan, keyinchalik tuklari tushib ketadi. Gullari mayda, ikki jinsli, ko'rimsiz, lekin juda xushbo'y, ko'kish tusda bo'lib, yarim soyabon shaklida to'pgullar barg qo'ltig'ida uch-besh, ba'zan o'ntadan joylashgan. Mevasi jiydanikiga o'xshash dumaloq yoki chozinchoq shakldagi danakli meva. Uning atrofini o'rab olgan qizg'ish-jigarrang tusli yaltiroq, quruqroq(mayda mevalisida) yoki shirali(katta mevalisida) etdan iborat. Bo'stonlik tumanining Korjantog', Chotqol tog' yonbag'irlarida o'sadigan yirik mevali chilonjiyda mevasining yirikligi va sershoxligi jihatidan xurmo(finik)ni eslatadi. Madaniy sharoitda ko'proq uchraydigan mayda yumaloq mevali chilonjiyda shirinlikda keyingi o'rinda turadi.
L.Toshmatovning (1962y.) ma'lumotiga ko'ra, chilonjiyda tarkibida 20-30%
qand, 2,93% oqsil, 3,7% moy, 0,2-2,5% kislota bor.Unda, C, P, B va A vitaminlari juda ko'p. C vitaminining miqdori 500-600 mg foizga yetadi. Bu miqdor limon va apelsindagilarga nisbatan 10-15 marta ko'p deganidir. P vitamini (Putin)ning miqdori chilonjiyda og'irligining 3,5% ini tashkil etadi. Chilonjiyda uzoq o'tmishdan xalq tabobatining ishonchli dori-darmoni bo'lib kelmoqda. Xalq tabobatida chilonjiyda buyrak, qovuq kasalliklarida, yuqori nafas yo'llarining yallig'lanish kasalliklari, revmatizm, isitmada, ichak kasalliklarida qadimdan ishlatilib kelinadi, ildizining po'stlog'idan esa odamni tetiklashtirib, ko'nglini ochadigan dori tayyorlanadi. Chilonjiyda mevalari pielit, stistit kasalliklari, ichketar mahalida yordam beradi, me'dani mustahkamlaydi. O'rta Osiyo xalq tabobatida chilonjiyda mevalari, barglaridan qaynatmalar tayyorlanib, ko'krak og'rig'i, bronxial astma, yurak qisishi, kamqonlik davosiga ishlatiladi, jigar, buyrak, qovuq, ichak kasalliklarida og'riqni qoldiradigan vosita tariqasida buyuriladi, ulardan ichni yumshatadigan, siydik haydaydigan dori tariqasida ham foydalanilgan. Abu
Ali ibn Sino umumiy quvvatsizlik, ichketarda, qon ketadigan kasalliklarda chilonjiyda iste'mol qilishni tavsiya qilgan.
Hind tabobatida chilonjiyda yallig'lanishga qarshi vosita tariqasida o'smalar, xuppozlar, yiringli yaralarning bitishi uchun qo'llaniladi, chayon chaqqan, suzak bo'lgan odamlarga buyuriladi. Tibbiyotda chilonjiyda mevalari me'da kasalliklarida, moddalar almashinuvi buzilganda ko'p foydalaniladi. Xitoyda esa gipertoniya, yurak yetishmovchiligi, sil, nevrasteniya shifosi uchun tayyorlangan
murakkab dorilar tarkibiga kiradi. Arabistonda esa ayollar sutini ko'paytirish uchun tavsiya qilinadi.
Zamonaviy tabobatda chilonjiyda meva va barglaridan tayyorlangan 10% li damlamalarning yuqori darajada siydik haydovchi ta'sirga ega ekanligi klinik tekshirishlarda aniqlangan. Chilonjiyda(Unabi) mevalaridan tayyorlangan dori-darmonlar bilan gipertoniya kasalligini davolashda sezilarli natijalarga erishilgan. Siydik haydashga ta'sir ko'rsatadigan "Unabin" dori-darmon vositasi taklif etilgan. Bu o'simlik barglari og'riq qoldiradigan xossaga ham ega. 1-2 dona bargini og'izga olib chaynalsa, 5-10 minutgacha og'riq bosiladi. Barglaridan tayyorlangan 10% li damlamasi itlar ustidagi tajribalarda arterial qon bosimi pasayib, najas siyraklashuviga, siydik chiqishi ko'payishiga sabab bo'ladi. Ko'p qon ketadigan hayz holatlarida va ichaklarda yara hosil bo'lganda ham jonga oro kiradi. Hozirgi kunda chilonjiyda ilmiy tibbiyotda salmoqli o'rinni egallamoqda. L.Toshmatovning ta'kidlashicha, Samarqand tibbiyot institutining kasallarni davolash bilan birga o'quv va ilmiy-tekshirish ishlari ham olib boriladigan kasalxonasida gipertoniya bilan kasallangan kishilarni chilonjiyda bilan davolash yaxshi natijalar bergan.
Ayrim ilmiy manbalarda sharxlanishicha, chilonjiydadagi P vitamini (putin) qon tomirlarini kengaytiradi, ularning devorchalarini mustahkamlaydi, natijada gipertoniyaga duchor bo'lgan bemorning holati yaxshilanadi. Chilonjiyda tanasining po'stlog'ida oshlovchi moddalar va peptid alkaloidlar, barglarida og'riq qoldiradigan moddalar, askorbinat kislota, katronlar, glikozidlar, peptid alkaloidlar, saponinlar va fitontsidlar, mevalarida anchagina qand moddalari, vitamin C, organik kislotalar, danagining mag'zida 33% gacha qotmaydigan yog' bo'ladi. Bugina emas, chilonjiydaning po'stlog'ida 4-7,2% va ildizida 9,3% oshlovchi modda bor. Bulardan tashqari, u asal shirasiga boy bo'lganligi tufayli asalarichilikda, mustahkam jilolanuvchan yog'ochi uchun durodgarchilikda qadrlanadi. Chilonjiydani quritib olish hamda konservalar va C vitaminiga boy bo'lgan qiyomlar tayyorlash yaxshi natija beradi.
Chilonjiydani ko'paytirish borasida respublikada bir qator tadbirlar amalga oshirildi. Bu o'rinda ayniqsa akademik R.R.Shreder nomidagi Bog'dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tekshirish institutining Samarqand filialida olib borilgan ishlarni qayd qilish maroqlidir. Filial xodimlari respublikaning turli joylarida bo'lib, ular chilonjiydaning sakkiz xili borligini aniqladilar. Hozir u yerda chetdan - Xitoydan keltirilgan yirik mevali chilonjiydani ommalashtirish ustida qizg'in ish olib borilmoqda. Chilonjiyda urug'idan, ildizidan hamda novdasidan, shuningdek parhesh qilish yo'li bilan ham ko'paytiriladi. Yirik mevali navlarni danagidan ko'kartirib bo'lmaganligi tufayli, ular jaydari formalarning danagidan yetishtirilgan payvandtaglarga ulash yo'li bilan ko'paytiriladi.
Chilonjiyda uncha yer tanlamaydi, uni oftobli tuprog'i sho'r bo'lmagan tog' yonbag'irlarda, adirlarda va madaniy sharoitda, fermer xo'jaligi dalalarida hamda shaxsiy tomorqa yerlarida bemalol o'stirish mumkin. Chilonjiydaning qurg'oqchilikka, issiqqa va sovuqqa bardosh bera olishi, uning muhim biologik xususiyatidir. Mavjud ma'lumotlarga ko'ra, u -30 C sovuq va +44 C issiqqa bemalol bardosh bera oladi. Chilonjiydaning rivojlanishiga u o'sadigan sharoitning
yaxshilanishi ijobiy ta'sir etadi: hosildor tuproqlarda va sug'orib turilganda yaxshi o'sadi, hosili ko'payadi, mevalari yiriklashadi. O'rmon melioratsiyasida, adirlar va sug'oriladigan yerlarda dala-ihota o'rmonzorlarini yaratishda ahamiyati katta. U ixcham-nozik yaltiroq bargi va yengil shox-shabbalari bilan ajralib turuvchi manzarali o'simlik sifatida ham diqqatga sazovordir.
Chilonjiyda kuzda, ayniqsa mevalari yaxshi yetilib pishgan paytda juda go'zaldir. Akademik R.R.Shreder nomli ilmiy tekshirish instituti va O'zbekiston Fanlar akademiyasi Botanika institutining xodimlari olib borgan ko'p yillik samarali ilmiy tekshirish ishlari tufayli O'zbekistonning ayrim tog'li tumanlarida ko'pgina chilonjiydazorlar borligi aniqlandi. G'arbiy Hisor tog'i To'palon daryo havzasi, Bo'stonlik tumanidagi Korjantog' kabi tog' yonbag'irlari va daralar yovvoyi chilonjiydaning asli manzilidir. Hoz irgi vaqtda Toshkent, Farg'ona va respublikamizning boshqa shaharlaridagi bog'larda 12 ta daraxt muhofaza ostiga olingan, xususan Farg'onadagi Bolalar istiroxat bog'ida o'sayotgan 8-10 m balandlikka ega bo'lgan 7 ta daraxt shular jumlasidandir. Gap shundak i, tabiiy chilonjiydazorlar ma'lum tumanlardagina o'stirilishiga qaramay, ularning avvalgi holati sezilarli darajada o'zgarib bormoqda. Bunga uning mohiyatiga tushunmagan ba'zi bir shaxslar tomonidan kesib olib qo'ra va o'tin sifatida ishlatilishi hamda hosilni yig'ish paytida shoxlarining ko'plab sindirilishi sabab bo'lmoqda.
Mavjud yovvoyi hamda madaniy sharoitda o'sib turgan chilonjiydalarni saqlab qolishning va ko'paytirishning asosiy yo'li uning fazilatlarini ommaga tushuntirishdan va ularni jamoatchilik nazoratiga olishdan iborat.
Foydalanilgan adabiyotlar ro'yxati:
1.M.Nabiyev, T. Odilov, O'.Pratov, G'.Shermatov. Qiziqarli Batanika."O'zbekiston". Toshkent-1975. 135-138 betlar.
2. V.A.Abdurazzoqov, T.A.Jeltikova, Y.A.Karpenko, V.P.Fimkin. O'zbekiston tabiati yodgorliklari. "Mehnat". Toshkent-1987. 45-47 betlar.
3. Abu Ali ibn Sino. Tib qonunlari (uch jildlik saylanma). "Abdulla Qodiriy". Toshkent-1992. 2-jild.
4. A.Sattorov. Dard borki, darmon ham bor. (1-kitob O'simliklar bilan davolash). "Adabiyot uchqunlari". Toshkent-2016. 103-106 betlar.
5. N.Hoshimov. Marjon tabib(2-qism). "IJOD-PRESS". Toshkent-2017. 265 bet.
6. A.Yuldashev. Tabiatning o'zi tabib. "Adabiyot uchqunlari". Toshkent-2015. 111117 betlar.