BO'LG'USI JISMONIY TARBIYA O'QITUVCHILARI FAOLIYATINING
ILMIY - PEDAGOGIK ASOSLARI
Dilyara Djumaniyazovna Sharipova Dono Baxodirovna Yaqubova
Toshkent davlat pedagogika universiteti Urganch davlat universiteti
dilara38 @inbox.ru [email protected]
ANNOTATSIYA
Mazkur maqolada bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisi ilmiy pedagogik faliyatida uchraydigan asosiy atamalar, pedagogik faoliyatni to'g'ri tashkil etish, bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchilari ilmiy pedagogik faoliyati davomida alohida e'tibor qaratishi lozim bo'lgan jihatlari va qay tarza yondashish zarurligi, shuningdek, bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisining innovatsion va texnologik faoliyatini tashkil qilish xususida so'z yuritiladi.
Kalit so'zlar: Jismoniy tarbiya, pedagogik faoliyat, pedagogik mahorat, bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisining innovatsion faoliyati, kreativlik, texnologik yondashuv
SCIENTIFIC AND PEDAGOGICAL FUNDAMENTALS OF FUTURE PHYSICAL TRAINING TEACHERS
Dilara Djumaniyazovna Sharipova Dono Bakhodirovna Yakubova
Tashkent State Pedagogical University Urgench State University
dilara38 @,inbox.ru [email protected]
ABSTRACT
In this article, the main terms encountered in the scientific pedagogical activity of the future physical training teacher, the correct organization of pedagogical activity, the future of physical training teachers in the course of scientific pedagogical activity aspects to be considered and what approach is needed, as well as the organization of innovative and technological activities of the future physical education teacher.
Keywords: Physical education, pedagogical activity, pedagogical skills, innovative activity of the future physical training teacher, creativity, technological approach.
KIRISH
Mamlakatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri bu ham jismoniy, ham ma'naviy sog'lom bo'lgan avlodni kamol toptirish hisoblanadi. Zero, bugun dunyo mamlakatlarida keskinlashayotgan globallashuv jarayonlari sharoitida yuksak ma'naviyatli va jismoniy barkamol avlodni tarbiyalash Vatanimiz kelajagini belgilab beruvchi va xalqimizning ezgu maqsadlarini ro'yobga chiqaruvchi eng muhim omillardan biridir. Bu ezgu amalning amalga oshirilishida uning huquqiy asoslari ham yaratilgan bo'lib, keng qamrovli ishlar qilinmoqda. Jumladan, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 3-iyundagi "Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PQ-3031-son Qarori va 2018 yil 5-martdagi "Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida"gi PF-5368-son Farmoni bu sohani yanada rivojlantirishda alohida ahamiyatga ega. Ushbu farmon va qarorlarning asosiy maqsadlaridan biri ham bu sohadagi nazariy va amaliy bilimlarni yanada chuqurlashtirish, jismoniy tarbiyaga oid ko'nikma va malakalarga doir tushuncha hamda atamalarni to'g'ri shakllantirishdan iborat.
Darhaqiqat, hozirgi globallashuv jarayonlari tobora keskinlashayotgan bir davrda bevosita yoshlarning umumiy va maxsus jismoniy tayyorgarligi bilan shug'ullanuvchi jismoniy tarbiya o'qituvchilariga qaratilayotgan e'tibor bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, ularning muhim xizmatlaridan biri shundaki, o'quvchi-talabalarni tarbiyaviy, madaniy, tibbiy, sanoat qurilish, ishlab chiqarish kabi kasb-hunarga yo'naltirish bo'lsa, ikkinchidan ularni maxsus jismoniy tayyorgarlik bilan qurollanishga ma'lum darajada xizmat qiladi.
Bugungi kunda yosh avlodga ta'lim berayotgan o'qituvchilarning o'zlari zamonaviy innovatsion texnologiyalarni to'liq o'zlashtirgan, axborot-kommunikatsiya vositalaridan oqilona foydalana olish ko'nikmalariga ega bo'lishlari, umuman barcha ta'lim-tarbiya sirlaridan voqif bo'lishlari talab etiladi.
Bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchilari ilmiy pedagogik faoliyati bilan bog'liq masalalarni o'rganishda, eng avvalo, mazkur hodisaga oid tushunchalarning mazmun-mohiyatini tahlil etish maqsadga muvofiqdir. Xususan, "jismoniy tarbiya" tushunchasining o'ziga bir qancha ta'riflar berilganligini ko'rishimiz mumkin. "Jismoniy tarbiya - pedagogik jarayon bo'lib, inson organizmini morfologik va funksional jihatdan takomillashtirishga, uning hayoti uchun muhim bo'lgan asosiy harakat malakasini, mahoratini, ular bilan bog'liq bo'lgan bilimlarni shakllantirish va yahshilashga qaratilgan"[3]. "Jismoniy tarbiya organizmni har tomonlama chiniqtirishga qaratilgan, sog'liqni mustahkamlashni nazarda tutgan tarbiya, jismoniy mashqlar" kabi ta'riflar berilgan [13].
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODOLOGIYA
Turli yo'nalishlar bo'yicha, ya'ni u hoh matematik, fizik, tarixchi yoki jismoniy tarbiya o'qituvchisi bo'lsin uning ish uslubi bevosita pedagogik faoliyat bilan bog'liqdir. Darsning mazmunli va sifatli olib borilishi o'z navbatida, uning pedagogik mahorati, pedagogik ko'nikmasi, pedagogik malakasi, umuman pedagogik faoliyati bilan chambarchas bog'liqdir. Mashhur rus pedagogi V.A.Suxomlinskiy: "Pedagogik rahbarlikning sirlaridan biri o'qituvchilarda muntazam izlanish va o'z ishining tahliliga qiziqish uyg'otishdan iborat. Kimki o'z darslarida, tarbiyalanuvchilar bilan o'zaro munosabatlarda yaxshi va yomonni farqlashga, yutuq va kamchiliklarini o'z vaqtida bo'lishga urinsa, pedagogik faoliyatning yarim muvaffaqiyatiga erishgan bo'ladi" - deb, pedagogik faoliyatga o'z ta'rifini shunday ifodalagan edi[12]. Shu nuqtai nazardan olganda, o'z pedagogik faoliyatini endigina boshlagan yosh bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisi umuman jismonan va ruhan bo'shashishi yoki butunlay osoyishtalikka berilishi mumkin emas. Bizga ma'lumki, bu tuyg'u psixologiya fanida "relaksatsiya" deb atalib, kishilarning ish faoliyatida salbiy holatlariga beriladigan baho sifatida e'tirof etiladi.
Har bir bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisi pedagogik mahoratni to'liq egallashi uchun:
birinchidan, o'z o'quv fanini davr talablari asosida o'zlashtirgan bo'lishi;
ikkinchidan, psixologik va pedagogik bilimlarga ega bo'lishi (o'quvchilar xarakteriga mos usullarni qo'llay olishi);
uchinchidan, o'zida pedagogik izlanuvchanlik va fidoyilikni tarkib toptirishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Rus olimi I.P.Rachenko pedagogik mahoratni pedagogik san'atning bir qismi sifatida quyidagi fikrni bildiradi: "Pedagogik mahorat deganda o'qituvchining pedagogik-psixologik bilimlarni, kasbiy malaka va ko'nikmalarni mukammal egallashi, o'z kasbiga qiziqishi, rivojlangan pedagogik fikrlashi va intuitsiyasi, hayotga axloqiy-estetik munosabatda bo'lishi, o'z fikr mulohazasiga ishonchi va qat'iy irodasi tushuniladi"[11].
Shuningdek, bo'lajak jismoniy tarbiya o'qituvchisining pedagogik faoliyatida o'qituvchilik kasbiga sadoqatli bo'lish, o'z fanini o'qitish metodikasini mukammal bilishi, pedagogik qobiliyatlarini namoyish eta olishi, pedagogik texnikani o'z o'rnida qo'llay bilishi eng muhim komponentlardan bo'lib hisoblanadi.
NATIJALAR
Shuni ta'kidlash kerakki, har bir bo'lajak jismoniy tarbiya o'qituvchisi doimo o'quvchilarga jismoniy mashqlarni yetkazish bilan birgalikda parallel ravishda uning
ta'lim va tarbiyasi bilan shug'ullanib, u bilan o'zaro muloqot olib boradi. Har bir o'quvchi aqliy, ruhiy va jismoniy jihatdan doimo rivojlanishda bo'lganligi sababli ham bo'lajak o'qituvchi ular bilan doimiy muloqotda bo'lishi, ularning har bir psixologik xarakteri va fiziologik xususiyatlarini inobatga olgan holda ta'sir ko'rsatish mexanizmlarini, avvalo, psixologiya va tarbiya nazariyasini mukammal tarzda o'rganib, o'z kasbiy faoliyatini doimiy rivojlantirib borishi zarur.
Shu jihatdan olganda, bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchilari ilmiy pedagogik faoliyati davomida quyidagilarga alohida e'tibor qaratishi lozim deb hisoblaymiz:
- jismoniy tarbiyaga doir bilimlar tizimini mukammal egallagan bo'lishi;
- jismoniy mashqlarni o'quvchilarga to'laqonli yetkaza olish ko'nikma va malakasiga egaligi;
- o'z fanini o'zlashtirganligi bilan birgalikda umummetodologik fanlar asosini, xususan davlat siyosatining dolzarb masalalarini bilishi;
- atrofda sodir bo'layotgan ijtimoiy muammolar va jarayonlarni o'z nuqtai nazardan mustaqil tahlil qila olishi;
- o'quv jarayoni davomida o'quvchilarning ma'naviy qiyofasi haqida bilimlarga ega bo'lib borishi;
- o'quvchilarning yoshga doir xususiyatlaridan kelib chiqib, zamonaviy pedagogik va psixologik bilimlarni o'rnida qo'llay olishi;
- vujudga kelgan yangi bilimlarni mustaqil ravishda o'zlashtirishi, takomillashtirishi va o'z mehnat faoliyatida ilmiy asosda foydalana olishi;
- o'z ilmiy pedagogik faoliyatida me'yoriy huquqiy hujjatlardan individual foydalana olishi;
- muommala madaniyatiga rioya qilishi;
- o'zlashtirilgan bilimlarni tanqidiy yondashuv asosida tahlil qila olishi;
- o'zlashtirgan bilimlarini o'quvchilarga aniq yetkaza olishi;
- o'z kasbiga nisbatan mas'uliyat hissining shakllanganligi;
- pedagogik faoliyati davomida xorijiy tillardan birini kasbiy malaka yoki ilmiy muloqot almashish vositasi sifatida egallagan bo'lishi;
- zamonaviy axborot texnologiyalaridan samarali foydalana olishi;
- pedagogik faoliyatida zamonaviy pedagogik texnologiyalarni qo'llay olishi va hakozo.
Shuningdek, bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchilari o'z pedagogik faoliyatlarida qo'llaniladigan jismoniy madaniyat atamalarini mukammal bilishlari shart. Albatta, o'qituvchi tomonidan atamalarning tushunarli tarzda aniq va o'z o'rnida qo'llanilishi o'quvchining jismoniy tayyorgarlik sifatini ham yaxshi bo'lishiga bevosita ta'sir ko'rsatadi. Darhaqiqat, har birimiz kundalik hayotimizda
jismoniy madaniyat atamalaridan bugun keng foydalanamiz. Deyarli, ta'lim muassasalarida mavjud barcha fanlarda ularni uchratishimiz va u bilan to'qnashish mumkin. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, "bugun dunyo miqyosida mavjud 300 ga yaqin sport turlariga xos 15 mingdan ortiq tushuncha va atamalari mavjud"[10].
Bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchilari o'z pedagogik faoliyatida o'quvchilar bilan ishlash jarayonida teran, ta'sirli, mantiqli, chiroyli gapira olishi va o'z o'rnida tarbiyaviy ahamiyatga molik iboralardan o'rnida to'g'ri foydalana olishi zarur. Shuni esdan chiqarmaslik kerakki, o'qituvchining nutqi har bir o'quvchi uchun ibrat manbai bo'lib, hatto beparvolik bilan uning jahlini chiqarib, intizomni buzib turgan o'quvchiga nisbatan qo'pol muomala, haqoratlash, kamsitish, shaxsiyatiga tegish bilan emas, balki pozitiv yondashgan holda vaziyatdan chiqib ketish xususiyatiga ega bo'lishi kerak. O'qituvchi dars mashg'ulotini olib borar ekan, uning ovozi auditoriyani boshqarish quroli bo'lishi lozim. Jismoniy tarbiya bilan bog'liq mashqlarni tushuntirish vaqtida u ovozini kerakli o'rinda ko'tarish va pasaytirish orqali o'quvchilarning nimalarga asosiy urg'u berish kerakligini bildira olishi kerak.
MUHOKAMA
Bugungi kunda bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchilarining ilmiy pedagogik faoliyatida muhim o'rin tutadigan quyidagi o'ziga xos yondashuvlarni ko'rib chiqish mumkin:
1. Kreativ yondashuv.
2. Innovatsion yondashuv.
3. Texnologik yondashuv.
Har bir bo'lajak jismoniy tarbiya o'qituvchisi dars mashg'ulotlari jarayonida kreativlik yondashuvi asosida o'quvchilarida darsga qiziqitirish yo'llarini topa olishi lozim. Bu borada, mashhur ruhshunos olim Deyl Karnegi, "insonni biror ishni bajarishga undash va qiziqtirishning yagona usuli mavjud. U ham bo'lsa, o'sha inson qalbida ishni bajarishga chinakam ishtiyoq uyg'otishdir. Majburlov va qiynoqlar ish bermaydi..." - deb[4], ta'kidlagani bejizga emas, albatta. Shu o'rinda kreativlik tushunchasiga izoh berish maqsadga muvofiqdir. "Kreativlik" (ingliz tilidan "create" - yaratish, "creative" yaratuvchi, ijodkor)[6] - bo'lajak o'qituvchida dars mashg'ulotlari jarayonida duch keladigan muammolar yechimiga tezkorlik bilan tegishli qaror qabul qilish va ularning yechimi bo'yicha yuqori darajadagi yangicha ijodiy yondoshuvni ifodalaydi.
Pedagogik atamalar lug'atida kreativlik quyidagicha izohlangan: "Kreativlik (ijodiylik) - qandaydir yangi, betakror narsa yarata olish, fikrlash, g'oya va yechimga olib keluvchi aqliy jarayondir"[8].
Kreativlik bo'lajak o'qituvchining o'quvchilarni o'quv mashg'ulotlari jarayonida an'anaviy yondoshuv va fikrlashidan farqli ravishda mashg'ulot samaradorligini ta'minlashga qaratilgan yangi g'oyalarni yaratish va mavjud muammolarni ijobiy hal qilishga bo'lgan tayyorgarligi, aniq maqsadga erishish uchun mavjud muammolarni yechimini topish va uni bartaraf etish qobiliyati shakllanganligi, tasodifan yuzaga kelgan muammolarni oqilona, tezkorlik bilan hal qilinishiga yordam beradi.
Bo'lajak jismoniy tarbiya o'qituvchilari ilmiy pedagogik faolitida kreativlik quyidagi hollarda namoyon bo'lishini ko'rish mumkin:
- o'qituvchi fikri va nutqining ravonligi;
- o'qituvchi o'z fikrni aniq belgilangan maqsadga muvofiq yo'naltira olishi;
- o'qituvchining ijodkorligidagi o'ziga xoslik (originallik);
- o'qituvchidagi qiziquvchanlik, yangi g'oyalarni yaratuvchanlik, fantaziyasining kengligi, farazlar yaratish qobiliyati;
- o'quvchining qobiliyatini, layoqatini o'rganish va uni aniq baholash;
- o'qituvchi fan metodikasini o'zlashtirgan va ta'lim jarayoniga tatbiq etishi;
- o'qituvchi fan yutuqlariga oid yangi ma'lumotlar bo'yicha hamkasblari bilan ijodiy fikr almashishi;
- o'qituvchi sohasiga oid ilg'or xorijiy tajribalarni mustaqil o'rganishi va amaliyotda qo'llay bilishi;
- o'qituvchi uzluksiz ravishda o'z bilimi, ko'nikma va malakasini oshirib borishi;
- o'qituvchi o'quvchining ishonchiga kira olishi, uning qalbiga yo'l topa olishi va u bilan muloqot bog'lay olishi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning, "Bugun biz davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini tubdan yangilashga qaratilgan innovatsion rivojlanish yo'liga o'tmoqdamiz. Bu bejiz emas, albatta. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanib borayotgan hozirgi davrda kim yutadi? Yangi fikr, yangi g'oya, innovatsiyaga tayangan davlat yutadi. Innovatsiya - bu kelajakdir"[1] - degan fikrlari ham muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, bugungi ta'lim sohasini innovatsiyasiz tasavvur qilish qiyin albatta.
O'z navbatida, bo'lajak jismoniy tarbiya o'qituvchilarini davr xarakteridan kelib chiqib, ularni innovatsion faoliyatga tayyorlashda yangi pedagogik texnologiyalarni yaratish zaruratining oshib borishi va ta'lim-tarbiya jarayonida o'quvchilar faoliyatini boshqarish eng avvalo, jismoniy tarbiya mashg'ulotlarining bevosita barkamol shaxs tarbiyasiga yo'naltirilishi bilan uzviy bog'lik ekanligini unutmaslik lozim.
Jismoniy tarbiya o'qituvchilarining innovatsion faoliyatining asosiy belgilari quyidagilarda o'z ifodasini topadi:
1) ijodiy faoliyat falsafasini jismoniy tarbiya konsepsiyalari bilan uyg'unlashtirish;
2) pedagogik tadqiqot metodlarini egallash;
3) mualliflik konsepsiyalarini yaratish qobiliyati;
4) tajriba-sinov ishlarini rejalashtirish va amalga oshira olish;
5) o'zidan boshqa tadqiqotchi-pedagoglar tajribalarini qo'llay olish;
6) hamkasblar bilan xamkorlik;
7) fikr almashish va metodik yordam ko'rsata olishlik;
8) ziddiyatlarning oldini olish va bartaraf etish;
9) yangiliklarni jismoniy tarbiya darslariga tatbik etish, ularni o'z sharoitiga moslashtira olish [2].
Demak, bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisining ilmiy pedagogik faoliyatida innovatsion faoliyat quyidagilarda namoyon bo'ladi:
- ijodiy yondashuv;
- ijodiy faollik;
- yangilikni yetkazishda texnologik va metodologik tayyorgarlik;
- yangicha fikrlash;
- muomala madaniyatida milliy va umuminsoniy qadriyatlarga asoslanish;
- yangicha pedagogik texnologiyalarni tadbiq qilish;
- kasbiy mahoratida.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, innovatsion faoliyatni bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisining barcha muvaffaqiyatlarini belgilab beruvchi asosiy omillardan biri sifatida uning kasbiy va pedagogik mahoratini oshirib boruvchi va ta'lim sifatiga ijobiy ta'sir etuvchi jarayon, desak mubolag'a bo'lmaydi.
Bugungi global o'zgarishlar jarayonida uzluksiz ta'lim tizimida innovatsion yondashuvga ehtiyoj tobora oshib bormoqda. Xususan, jismoniy tarbiyani o'qitishda zamonaviy pedagogik texnologiyalar asosida innovatsion yondashish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Innovatsion yondashuvni uzluksiz ravishda yangiliklar asosida ta'lim-tarbiya jarayonini yangicha g'oyalar, texnologiyalar, zamonaviy interfaol usullar bilan tashkil etish va o'qituvchining izlanishlari davomida shakllanib, takomillashib boradigan jarayon sifatida qarash mumkin. Bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisining ta'lim-tarbiya jarayonida innovatsion yondashuvni tatbik etishi, uning pedagogik faoliyatining mazmun-mohiyatini yangicha ko'rinishga olib chiqadi.
Bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisining ilmiy pedagogik faoliyati samaradorligida texnologik yondashuv muhim ahamiyat kasb etadi. Texnologiyalarni muayyan texnika yoki ta'sir usullaridan farqlash lozim deb, hisoblaymiz. Xususan, lug'atlarda "texnika bu (yunoncha techne - san'at, mahorat, qobiliyat) biror bir faoliyat jarayonida qo'llanadigan malaka va usullar yig'indisidir" deb, izohlanadi[7]. Ayrim ilmiy manbalarda "texnika (techne-mahorat, san'at) - insonning moddiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida tabiatni o'zgartirish va o'zlashtirish vositalari, usullari majmui" sifatida ta'riflanadi[5]. Milliy ensiklopediyada texnika tushunchasiga mohiyatan aniqroq ta'rif ishlatilgan bo'lib, ya'ni "texnika - moddiy boylik olish hamda odamlar va jamiyatning ehtiyojlarini qondirish maqsadida inson atrofdagi tabiatga ta'sir qilishiga imkon beradigan vositalar va ko'nikmalar majmuidir. Asosiy vazifasi - inson mehnatini yengillashtirish va mehnat unumdorligini oshirish. U tabiat resurslaridan samarali foydalanishga, yer qa'rini, dunyo okeanini, kosmik fazoni o'zlashtirishga imkon beradi"[14] - deb, izohlangan. Demak, texnikani har qanday sohada qo'llash mumkin bo'lgan usul va yo'l-yo'riqlar yig'indisi sifatida, inson faoliyati jarayonining asosiy vositasi desak bo'ladi.
"Texnologiya - 1) shaxsn o'qitish, tarbiyalash va rivojlantirish qonuniyatlarini mujassamlashtirgan va yakuniy natijani kafolatlaydigan pedagogik hodisa; 2) talim tarbiya jarayonini tashkil etish, uni boshqarish, pedagogik va o'quv faoliyatini tashkil qilish usullari tasnifi"[9] sifatida ham ta'riflanadi.
Demak, texnologik yondashuv bo'lg'usi o'qituvchilarning ta'lim sifati samaradorligini oshirish uchun belgilab olgan aniq maqsad yo'lida yuzaga keladigan muammolarni bartaraf etish yo'llarini ko'rsatuvchi pedagogik faoliyatning muayyan ta'sir usullari yig'indisi bo'lib hisoblanadi.
Texnologik yondashuv muayyan zaruriy elementlardan tashkil topadi:
- maqsad va vazifalar;
- boshlang'ich manbalar;
- manbalarni qo'llashning strategik va taktik dasturlari;
- manbalarni qo'llash metodologiyasi;
- muayyan tadbirlar o'tkazishning tamoyillari;
- loyihalar ishlab chiqish;
- ish rejalar tuzish kabilar.
Bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qtuvchisi ilmiy pedagogik faoliyatini quyidagi texnologik jarayon asosida olib borishi maqsadga muvofiq deb, hisoblaymiz:
- yangi bilimlarni yig'ish;
- bir tizimga keltirish;
- yig'ilgan bilimlarni o'quvchilarga bosqichma-bosqich yetkazib borish.
Demak, texnologik yondashuv bo'lg'usi o'qituvchiga turli innovatsion yo'nalishlami har tomonlama konseptual va loyihali tahlil etish, shuningdek, dars jarayonida yuzaga kelishi mumkin bo'lgan masalalarni yechishda yangi imkoniyatlarni yaratadi.
XULOSA
Yuqoridagi tahlillardan kelib chiqib, quyidagicha xulosaga kelish mumkin:
birinchidan, olib borilayotgan keng qamrovli islohatlar nafaqat turli sohalarda kadrlarni tayyorlash masalasi, balki ta'lim muassasalaridagi jismoniy tarbiya sohasidagi kadrlarning ilmiy pedagogik faoliyatini tubdan takomillashtirish zaruriyatini qo'ymoqda;
ikkinchidan, bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchilari ilmiy pedagogik faoliyati bilan bog'liq masalalar tahlili shuni ko'rsatadiki, mavzuga oid qarashlar va manbalarning mavjudligiga qaramasdan, ushbu masalani sof pedagogik jihatdan tadqiq qilish lozimligini ko'rsatmoqda;
uchinchidan, bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchisi ilmiy-pedagogik faoliyati davomida fanning zamonaviy yutuqlarini pedagogik texnologiyalardan oqilona foydalangan holda o'quvchilarning qiziqishlari, layoqati va talablarini hisobga olgan holda ularning bilimlarni puxta o'zlashtirilishi uchun zarur sharoitlar yaratishi maqsadga muvofiq;
to'rtinchidan, bugungi kunda bo'lg'usi jismoniy tarbiya o'qituvchilari o'z ilmiy pedagogik faoliyatida muhim o'rin tutadigan kreativlik, innovatsion, texnologik singari o'ziga xos yondashuvlardan samarali foydalana olish zarurligini davrning o'zi ko'rsatmoqda;
beshinchidan, har qanday o'qituvchi dars mashg'ulotlari jarayonida sof fikrli, mard, muomalali, qat'iyatli, ma'naviy va jismoniy yetuk shaxslarni kamol toptirishni o'z oldiga maqsad qilib olishi kerak. Bu esa o'z navbatida, kelajakda mamlakatimiz taraqqiyotiga xizmat qiluvchi yetuk kadrlarning shakllanishiga asos bo'ladi.
REFERENCES
1. Mirziyoyev Sh.M. O'zbekiston Respublikasining Prezidenti Shaxkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi. - T. "O'zbekiston" NMIU, 2018. -B.19-20.
2. Абдуллаева Ш.А., Хуррамов Э.Э. Булажак жисмоний тарбия укитувчиларини инновацион фаолиятга тайёрлаш // Замонавий таълим / Современное образование. 2016. № 5. - Б.15-16.
3. Абдуллаев А., Хонкелдиев Ш. Жисмоний тарбия назарияси ва услубияти.
Укув кулланма. Т., УзДЖТИ, 2005. 12-б.
4. Карнеги Д. Икрорлик - маFлубият эмас. Санъат журнали. Т.: 2009. 28-б.
5. Мамашокиров С. Вадимами ёки хакикат. "IQTISOD-MOLIYA", 2012, -192 -
6.
6. Муслимов. Н.А., Усмонбоева М.Х,., Сайфуров Д.М., Тураев А.Б. Педагогик компетентлик ва креативлик асослари / - Тошкент, 2015.
7. Ожегов С.И. Словарь русского языка. - Москва: «Русский язык», 1984. - С. 692.
8. Педагогик атамалар луFати. Муаллифлар гурухи. Узбекистон Республикаси Фанлар академияси "Фан" нашриёти. - Т.: 2008. - Б.64.
9. Педагогик атамалар луFати. Муаллифлар гурухи. Узбекистон Республикаси Фанлар академияси "Фан" нашриёти. - Т.: 2008. - Б.130.
10. Рафиев Х,.Т. Жисмоний маданият сохасидаги тушунча ва атамаларнинг баъзи муаммолари // Жисмоний тарбия ва спорт назарияси ва услубиётини ривожлантиришнинг замонавий тенденциялари мавзусидаги халкаро илмий анжуман материаллари.-Чирчик, 2019. - Б. 49.
11. Раченко И.П. Диагностика развития педагогического творчества учителя. -Пятигорск, 1992,196 с.
12. Сухомлинский В.Д. Болаларга жоним фидо. - Т.: Укитувчи, 1984,254 б.
13. Узбек тилининг изохли луFати. 1-жилд. - Т.: "Узбекистон миллий энциклопедияси" Давлат илмий нашриёти, 2006. 95-б.
14. Узбекистон Миллий энциклопедияси. Узбекистон Миллий энциклопедияси давлат илмий нашриёти. -Тошкент, 2014. -Б. 1066.