Научная статья на тему 'ALISHER NAVOIY IJODIDA “YUSUF VA ZULAYHO” MAVZUSI'

ALISHER NAVOIY IJODIDA “YUSUF VA ZULAYHO” MAVZUSI Текст научной статьи по специальности «Языкознание и литературоведение»

1363
172
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
Ключевые слова
Alisher Navoiyning nasriy va ilmiy asarlari / “Tarixi anbiyo va hukamo” / Yusuf payg’ambar qissasi / “Yusuf va Zulayho” dostoni / прозаические и научные произведения Алишера Навои / «Тарихи анбиѐ ва хукамо» / повесть о пророке Юсуфе / эпос «Юсуф и Зулайха».

Аннотация научной статьи по языкознанию и литературоведению, автор научной работы — Dildoraxon Zumratbekovna Abdullayeva

Maqolada Alisher Navoiyning “Tarixi anbiyo va hukamo” asaridagi Yusuf a.s. bilan bog’liq voqea tahlilga tortilgan. Alisher Navoiy asaridagi bu sayyor syujet Qur’oni karim hamda boshqa “Yusuf va Zulayho” nomli badiiy dostonlar bilan qiyoslanadi.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.
iНе можете найти то, что вам нужно? Попробуйте сервис подбора литературы.
i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.

В статье анализируется мотив о пророке Юсуф в произведение Алишера Наваи “Тарихи анбиѐ ва хукамо” (“История о пророках и правителях”). Этот бродячий сюжет в творчестве Алишера Навои сравнивается со Священным Кораном и другими эпосами под названием «Юсуф и Зулейха».

Текст научной работы на тему «ALISHER NAVOIY IJODIDA “YUSUF VA ZULAYHO” MAVZUSI»

O'zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti DOI: 10.24412/2181-1385-2023-1-134-139

Volume 4 | Conference Proceedings 1 | 2023

Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosini

ALISHER NAVOIY IJODIDA "YUSUF VA ZULAYHO" MAVZUSI

Dildoraxon Zumratbekovna Abdullayeva

filologiya fanlari doktori, dotsent, Andijon davlat universiteti

[email protected]

ANNOTATSIYA

Maqolada Alisher Navoiyning "Tarixi anbiyo va hukamo" asaridagi Yusuf a.s. bilan bog'liq voqea tahlilga tortilgan. Alisher Navoiy asaridagi bu sayyor syujet Qur'oni karim hamda boshqa "Yusuf va Zulayho" nomli badiiy dostonlar bilan qiyoslanadi.

Kalit so'zlar: Alisher Navoiyning nasriy va ilmiy asarlari, "Tarixi anbiyo va hukamo", Yusuf payg'ambar qissasi, "Yusuf va Zulayho" dostoni.

АННОТАЦИЯ

В статье анализируется мотив о пророке Юсуф в произведение Алишера Наваи "Тарихи анбиё ва хукамо" ("История о пророках и правителях"). Этот бродячий сюжет в творчестве Алишера Навои сравнивается со Священным Кораном и другими эпосами под названием «Юсуф и Зулейха».

Ключевые слова: прозаические и научные произведения Алишера Навои, «Тарихи анбиё ва хукамо», повесть о пророке Юсуфе, эпос «Юсуф и Зулайха».

ABSTRACT

In the article Yusuf a.s. the incident related to is analyzed. This traveling plot in the work of Alisher Navoi is compared with the Holy Qur'an and other epics called "Yusuf and Zulayha".

Keywords: prose and scientific works of Alisher Navoi, "Tarihi anbiyo va hukamo", the story of the Prophet Yusuf, the epic "Yusuf and Zulayha".

Hazrat Alisher Navoiyning ilmiy-filologik asarlaridan biri "Tarixi anbiyo va hukamo" asari bo'lib, unda tarixda o'tgan payg'ambarlar va hukmdorlar haqida bayon qilingan. Shoirning "Yusuf va Zulayho" mavzusida masnaviyi bo'lmasa-da, "Tarixi anbiyo va hukamo" asarida Yusuf a.s. qissasiga keng o'rin berilgan. Sharq adabiyotida mashhur bo'lgan bu sayyor syujet "Yusuf va Zulayho" bo'lib, dastlab diniy manbalardan Tavrot, Injil, Qur'oni karim kabi kitoblarda uchraydi.

8-fevral

134

O'zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Volume 4 | Conference Proceedings 1 | 2023

"Yusuf" surasi Qur'oni karimning 12 surasi bo'lib, u 111 oyatdan iborat, "eng go'zal qissalardan" deb tavsiflangan. U Payg'ambarimiz janobi Muhammad s.a.v.ning boshiga musibat tushganida, tog'asi Abu Tolib hamda zavjasi Xadicha vafot etgan kunlarida Makkada nozil bo'lgan. Yusuf a.s.ning mushkul taqdiri va uning qiyinchiliklarni sabr bilan yenggani haqidagi voqealar Payg'ambarimiz Muhammad s.a.v.ga ma'lum qilingan. Ushbu surani musibatga duch kelganlar eshitsa, qalbi taskin topishi haqida so'z yuritiladi.

Payg'ambar Yusuf a.s.ning badiiy adabiyotdagi obrazi qissa va dostonlarda yaratilgan. Bu mavzuni arab va fors tillarida Firdavsiy, as-Saolibiy, Ibn Sino, Kisoiy, A.Jomiy, turkiy tilida esa Qul Ali, Sayyod Hamza, N.Rabg'uziylar qalamga olganlar. Xalq dostonlari sirasida ham "Yusuf va Zulayho" dostoni yaratilgan.

Alisher Navoiy bu mavzuda doston yozmoqchi bo'lgan bo'lsa ham, lekin ushbu niyati amalga oshmagan. Xorijlik olim E.Bloshe Parijdagi "Yusuf va Zulayho" dostoni qo'lyozmasini o'rganar ekan, xalifa Aliga berilgan "sher" sifatini o'qib, "Alisher" nomini chiqargan va asar Alisher Navoiy qalamiga mansub degan edi. F.Sulaymonova E.Bloshening fikriga tayanib, maqola e'lon qilib, asar Navoiy qalamiga mansub bo'lsa kerak degan fikrni beradi [3;148-151]. E.Shodiyev "Sharq yulduzi" jurnalida maqola e'lon qilib, asarni Navoiy qalamiga mansub deydi. Biroq bu fikrlar mulohaza bo'yicha qolib, shoirning bu mavzuda doston yozganligi o'z tasdig'ini topmagan.

Alisher Navoiyning "Tarixi anbiyo va hukamo" asarida payg'ambarlardan yigirmanchi o'rinda Yusuf a.s. haqida ma'lumot keladi. Yusuf a.s. bilan bog'liq voqeani Ya'qub a.s. qissasidan "mashhurroq qissa" ekanini, uni bayon qilishga ehtiyoj borligini, chunki bu qissaning "g'arobat va shirinligi" sababli "akobirlar", ya'ni kattalar, avvalgi shoirlar ham nazmda, ham nasrda ijod qilganlari, "bayonida sehrlar" ko'rsatganlarini ta'kidlaydi. Ustoz shoirlardan dastlab Firdavsiy Tusiy, keyin Abdurahmon Jomiylar Yusuf a.s.ning husnini ta'rif qilganlari, bu mavzudagi asarlarining fazilati, badiiyati, mukammalligi ta'rifiga hojat yo'qligini aytadi. Xoja Mas'ud Iroqiy degan shoirning bu mavzuda she'riy shaklda asar yozgani, "balog'at" (badiiyat)ning "dodin bergani"ni aytib o'tadi. Yana boshqa shoirlar ham asarlar yozganini ta'kidlaydi. So'ngra agar o'zining umri yetsa bu qissani yozib oxiriga yetkazish orzusi borligini aytadi: "Komi xotirg'a bu orzuni kechirurkim, inshoolloh umr omon bersa, turk tili bila o'q kofur chun varaq uzra xomayi mushkin shamomani surgay. Va bu qissa nazmni ibtido qilib, intihosig'a yetkurgay.

Haq bu tavfiqni nasib etgay,

O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti DOI: 10.24412/2181-1385-2023-1-134-139

Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosini o'rganish masalalari

Yo nasib ulcha tangridin yetgay" [1;122].

8-fevral

Hazrat Navoiyning ijodiy rejasiga kirgan "Yusuf va Zulayho" mavzusi Yusuf a.s haqidagi qissalar asosiga qurilishi, asarga nazm shakli tanlanishi, uning turkiy tilda yaratilishi haqida so'z bormoqda.

Alisher Navoiy Yusuf a.s.ni bani odam jinsining chiroylirog'i deb ta'rif qiladi. Bir kuni Yusuf a.s. o'zini ko'zguda ko'rib, husnidan mag'rurlanib, men agar qul bo'lsam, bahomni kim bera olar edi? deydi. Yusuf a.s.ning go'zalligi shu qadar ediki, go'zallikning yuz qismdan to'qson to'qqiz ulushi Alloh taolo tomo nidan unga berilgan edi. Yana bir manbada Yusuf a.s. go'zalligidan yuziga bir necha qavat parda tutib yurishi, Misr xalqi ocharchilikda qolganida bir qavatini yuzidan ko'targani sababli xalq uning jamoliga maftun bo'lib, yetti yilni shu zaylda o'tkazib yub organi keltiriladi.

Ko'zguda o'zining go'zalligini ko'rish folklorga xos elementlardan biridir. Xususan xalq ertaklarida ko'zgu go'zallikni ifodalovchi poetik obraz sifatida namoyon bo'ladi. Ko'zgu unsuri va go'zallik tushunchasining yonma-yon kelishi ham mantiqiy asosga ega.

Yusufning ko'zguga boqib o'z husnidan g'ururlanishi bayonida uning tengsiz go'zalligi anglashilsa, ikkinchi tomondan o'quvchida o'ziga yuqori baho bergan Yusuf taqdiriga qiziqish yanada kuchayadi. Ushbu g'ururlanish lavhasi boshqa adib va shoirlar ijodida uchramaydi, faqat Alisher Navoiy asarida mavjud. O'z husnidan mag'rurlanish, manmanlik nafs qutqusi bo'lib, buning salbiy oqibatlari Yusuf a.s. taqdirida ko'rinadi. Takabburlik va manmanlik Haq taolo tomonidan jazolanishini shoir ta'kidlaydi: "Haq taolo g'ayrat ko'rguzub, andoq qildikim..." Yusuf a.s.ni akalari karvonboshiga o'n yetti qalb diramga sotadilar. Karvonboshi Molik binni Zi'ar Xazoiy esa Yusuf a.s.ning vazniga yetti baravar miqdordagi mushk evaziga Misr Aziziga sotadi [1;123].

Qur'oni karimda Ya'qubning Yusufga mehr-muhabbati boshqa o'g'illaridan ko'ra ortiq bo'lishi adovatni paydo qiladi. "Tarixi anbiyo va hukamo"da esa Ya'qub Yusuf a.s.ning ko'rgan tushini, ya'ni oy va quyosh, o'n bir yulduzning Yusufga sajda qilganini "otayu onang va qardoshlaring senga muhtoj bo'lg'aylar", deb ta'bir qiladi. Bu tushni va uning ta'birini eshitgan Yusuf a.s.ning akalari undan qasd olishni niyat qiladilar. Ya'qubga o'zlarini mushfiq ko'rsatib, Yusufni dashtga olib borishga ruxsat oladilar. Qur'oni karimda otaning Yusufni bo'ri yeb ketishidan xavotirda ekani aytiladi. Ya'qubning ana shu xavotiri akalarga tayyor bahonai sabab edi. Ikkala manbada ham akalarning Yusufning ko'ylagi qo'y qoniga bulab, otaga, Yusufni bo'ri yedi, deb yolg'on gapirgani keltiriladi. Alisher Navoiyda chohga tashlangan Yusufni qutqarib olgan

8-fevral

136

karvonboshidan akalari "bizning qulimiz edi" deb o'zlariga qa ytarib olishi va unga sotishi bayon qilinadi. Qur'oni karimda esa Yusufning akalaridan biri uni o'ldirmasdan quduqqa tashlashni aytadi. Yusuf quduqda uch kun qolib ketadi hamda karvon o'tayotganida suv olish uchun quduqqa chelak tushirganlarida Yusuf chelakka osilib chiqadi. Karvon Misrga yetib kelgach, Yusufni arzon bahoga, bir necha tangaga sotib yuboradilar. Chunki Yusufning egasi chiqib qolishidan qo'rqqan edilar. Qur'oni karimda Misr shahri hokimi Qitfiyr bo'lsa, Navoiy asarida Misr Azizidir.

Alisher Navoiy talqinidagi Yusuf payg'ambar qissasi boshqa shoirlarning shu mavzudagi qissa va dostonlaridan farq qiladi. Bu qissa haqida u Qur'oni karim, "Qisas ul-anbiyo" va xalq rivoyatlari asosida keltiradi. Qur'oni karimda Yusuf a.s.ning tushni ta'bir qilish qobiliyati Qitfiyrning uyiga kelganida paydo bo'ladi. "Mana shunday qilib (ya'ni o'limdan, chohdan qutqarib va Misr hokimining ko'nglini moyil qilish bilan) Yusufni - unga barcha tushlarning ta'birini bildirish uchun, - o'sha yerga (Misr hokimining uyiga) joylashtirib qo'ydik"(12:21).

"Tarixi anbiyo va hukamo"da esa Zulayho Misr Aziziga ayttirib, Yusufni zindonga tashlatganida, ya'ni zindonda unga tush ta'biri qilish tangri taolodan buyuriladi. Zindondagilardan soqiy va bakovul Yusufga soxta tush aytadilar. Ikkisining soxta tushini Yusuf ta'bir qilganda, ular, biz bu tushni ko'rmagan edik, yasagan edik, deyishadi. Yusuf ularga: "Tangri taolo taqdiri mening taqririm bila muvofiq tushubdur", deydi va tush ro'yobga chiqadi. Mazkur lavha ham boshqa "Yusuf va Zulayho" dostonlaridan farq qiladi. Mahbuslikdan ozod bo'lgan soqiyga Yusuf o'zini zindondan chiqishi haqida: "Meni Malik Rayonga borib aytsang", deydi.

Alisher Navoiyga ko'ra, Yusuf ozod bo'lishini tangri taolodan so'ramay, "mahluqni vasila qilgan"i uchun "Haq taolo g'ayratdin yana yillar ani zindonda asraydi" [1;125]. Mushkul va musibatli onlarda iltijo odamga emas, Yaratganga qaratilishi zarurligi shoir tomonidan ta'kidlanmoqda.

"Tarixi anbiyo va hukamo"da tush voqeasi to'rt o'rinda kelib, o'ziga xos tasvirlangan. Bu tushlarning ta'biri voqealar davomida ro'yobga chiqadi. Yusuf a.s. zindonda ekanida soqiy soxta tushini "bir bog'da uch xo'sha uzum ko'rdum, ul uzumni siqsam, filhol chog'ir bo'ldi va ani malikka tuttum, ichib manga iltifot va tahsin qildi" deb aytib beradi. Qur'oni karimdagi soqiyning "Men tushimda sharob tayyorlayotgan emishman" degan jumla Alisher Navoiy tomonidan rivojlantirilib, kengaytirib bayon qilingan. Soqiyning uchta novdada uzumni ko'rishi, uzumni siqib chog'ir tayyorlashi va uni malik (podsho) ichib soqiyga rahmat deb, ma'qullashida ham ijobiy ishora bor. Uchta xo'sha - uch kundan keyin soqiyni malik Rayon huzuriga chorlashi bo'lsa,

8-fevral

137

O'zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi Volume 4 | Conference Proceedings 1 | 2023

chog'ir - xursandchilik, xurramlik belgisi hamda podshoning chog'irni soqiy qo'lidan olib ichishi - ko'rsatilajak marhamatdir.

Qur'oni karimda novvoy yigitning tushi quyidagicha: "Men boshim ustida non ko'tarib turganmishman, qushlar undan yeyayotgan emishlar". Alisher Navoiyda esa novvoy o'rnida bakovul keltiriladi hamda tush voqeasi kengroq tasvirlanadi: "Malik matbaxidin uch xonda non boshim ustida ko'rdum va osmondin qushlar boshimg'a qo'nub, ul nonlarni yedilar" [1;124]. Qushlarning boshga qo'nib, nonlarni yeyish holati tasviri ofatning boshga yog'ilishiday taassurot uyg'otadi. Soqiyga Yusuf a.s. malikka borib men haqimda ayt, degan iltimosi soqiyning yodidan chiqqani sabab Yusuf a.s. zindonda bir necha yil qolib ketishi Qur'oni karimda aytilgan bo'lsa, Alisher Navoiyda bu muddat yetti yil deb ko'rsatiladi. Yetti yildan so'ng malik Rayon tush ko'radi: "...yetti semiz qo'yni yetti oruq qo'y yedilar va yetti toza ko'kargan xo'shani yetti quruq xo'sha chirmoshib, betarovat qildi". Qur'oni karimda: "Men tushimda yettita oriq sigir yettita semiz sigirni yeyayotganini va yettita yashil boshoq bilan birga boshqa qurigan (yetti boshoq)ni ko'rdim" [2;161].

"Yusuf va Zulayho" turkumidagi dostonlar va boshqa manbalarda Misr Azizi vafotidan keyin Yusufning Zulayhoga uylanishi va Misr taxtiga chiqishi voqealari bayon qilinsa, Alisher Navoiyning mazkur asarida Zulayhoning eri uni taloq qiladi hamda Malik Rayon Yusufni podsho qilib ko'taradi. Mamlakatdagi qurg'oqchilik yillari o'tgandan keyin Yusuf Zulayhoga uylanadi. Voqea so'nggida Ya'qub a.s.ning vafoti haqida: "Bir rivoyat bila o'n yetti yildin so'ngra, bir rivoyat bila yigirma to'rt yildin so'ngra Ya'qub a.s. tengri taolo rahmatig'a bordi", deyiladi. Demak, Alisher Navoiy "Yusuf va Zulayho" mavzusidagi qissa va dostonlarning bir necha namunalari bilan tanish bo'lgan.

"Yusuf va Zulayho" turkumidagi dostonlarning xotimasida syujet boshida berilgan Yusufning tushi ro'yobga chiqishi bilan yakunlansa, Alisher Navoiyda esa Ya'qub vafotidan so'ng Malik Rayon ham vafot etgani, Qobus nomli kofir Misr taxtiga chiqqani, uni Yusuf a.s. islomga da'vat qilgani, o'zining so'nggi manzilini Nil daryosida Misrdan bir yig'och uzoqlikdagi makonda tayinlagani hamda vafot etgani haqida xabar beriladi. Isroil ahli Ya'qub a.s.ning avlodlari va isboti o'n bir o'g'li bo'lganligidir. Yusuf a.s. haqidagi qissa quyidagi bayt bilan yakunlanadi: Bordi Yusuf, qolmasdin Qobus ham bo'lmay adam, Ichtilar jomi fano siddiq ham, zindiq ham. "Tarixi anbiyo va hukamo" asaridagi Yusuf a.s. haqidagi voqealar Alisher Navoiygacha ham payg'ambarlar haqidagi

O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti DOI: 10.24412/2181-1385-2023-1-134-139

Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosini o'rganish masalalari

g

qissalarda yoritilgan bo'lib, bu mavzuni yoritishda shoir Qur'oni

8-fevral

O'zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti DOI: 10.24412/2181-1385-2023-1-134-139

Volume 4 j Conference Proceedings 1 j 2023

Alisher Navoiy adabiy va ilmiy merosini

karim, ""Qisas ul anbiyo'la^ "Yusuf va Zulayho" dostonlaгi, xalq og'zaki ijodidagi rivoyat va qissalaгga tayangan. "Taгixi anbiyo va hukamo"da "Yusuf va Zulayho" mavzusi boshqa payg'ambarlar taгixiga nisbatan keng yoгitilgan. Bu mavzu Alisher Navoiy tomonidan boshqa dostonlaгga nisbatan qisqa bayon qilingan bo'lsa-da, shu oгqali shoiming "Yusuf va Zulayho" syujeti haqidagi yondashuvlari haqida, yozilishi rejalashtirilgan dostonning taxminiy tarn uchun asos to'g'гisida xulosalaг olish mumkin bo'ladi.

REFERENCES

1. Alisheг Navoiy. (2000). Mukammal asaгlar to'plami. 20 jildlik. 16 j. Tarixi anbiyo va hukamo. Fan.

2. Qufoni kaгim. (1992). Cho'lpon.

3. F.Sulaymonova. (1973). Navoiyga nisbat beгilgan "Yusuf va Zulayho" dostonining Parij qo'lyozmasi haqida. "Adabiy meras, manba va tadqiqotlaf'. Fan.

i Надоели баннеры? Вы всегда можете отключить рекламу.